Senat bolalarni qo'llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish choralarini ko'rib chiqdi
Senat bolalarni qo'llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish choralarini ko'rib chiqdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senat yalpi majlisida voyaga yetmagan bolalarning taʼminoti uchun aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama etildi.
Taʼkidlanganidek, parlament so‘rovi yuzasidan Hukumat tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Jumladan, 2025 yil davomida “Masʼuliyatli ota-onalik” dasturlari doirasida 22 ming nafar ota-ona hamda 30 mingga yaqin nizoli oilalar o‘qitilgan. O‘quvlarda asosiy eʼtibor ota-onaning farzand oldidagi burchi, masʼuliyati va javobgarligiga qaratilgan.
Shuningdek, ota-onalar masʼuliyatini oshirishga bag‘ishlangan 10 ga yaqin nomlardagi o‘quv qo‘llanmalari, 40 dan ziyod targ‘ibot materiallari tayyorlangan.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori bir oylik minimal isteʼmol xarajatlari qiymatidan kam bo‘lmasligi yuzasidan qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlangan.
“Aliment to‘lovlari” jamg‘armasini shakllantirish manbalari yana-da kengaytirilib, Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasining har oylik daromadlarining xarajatlariga nisbatan ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan jamg‘armaga mablag‘ yo‘naltirish tizimi joriy qilingan.
Shuningdek, aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi Iqtisodiyot va moliya vazirligining G‘aznachiligi elektron tizimi (UzASBO) bilan to‘liq integratsiya qilingan.
Markaziy bank boshqaruvining “Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qaroriga asosan voyaga yetmagan bolalar nomiga bank hisobvarag‘i ochishning huquqiy asoslari belgilangan.
Muhokamada parlament so‘rovi doirasida muayyan ishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, eʼtibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar ham saqlanib qolayotgani qayd etildi.
Doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan yoki daromadi aniqlanmagan aliment to‘lovchidan voyaga yetmagan bolalarning taʼminoti uchun aliment undirish tartibini takomillashtirish, “Bolalarga aliment undirish va oilani taʼminlashning boshqa shakllarining xalqaro tartibi to‘g‘risida”gi Gaaga Konvensiyasiga qo‘shilish, aliment to‘lovchi haqida maʼlumot bo‘lmasa, voyaga yetmagan bola taʼminotini hal etish kabilar shular jumlasidandir.
Muhokama yakunida yuqoridagi masalalarni o‘z ichiga olgan Senat qarori qabul qilindi.