Senat atrof-muhitni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun jazolarni kuchaytirdi

Senat atrof-muhitni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun jazolarni kuchaytirdi

Senat atrof-muhitni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun jazolarni kuchaytirdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Senatorlar tomonidan ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash, atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida ayrim muammolar mavjudligi ta’kidlandi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori kamligi sababli ular o‘zining sezilarli tarbiyaviy va profilaktik ahamiyatini bermayapti.

Ma’muriy jarimalarning mansabdor shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi esa korxonalar uchun sezilarli moliyaviy ta’sir ko‘rsatmasdan, mulkdorda “jazosizlik tuyg‘usi” shakllanishiga olib kelmoqda.

Amaliyotda bunday muammolar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun javobgarlikni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Qonun bilan atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish hamda javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Jumladan, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonun yangi bob bilan to‘ldirilib, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar belgilanmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasi (atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik) to‘ldirilib, yoqish uchun mo‘ljallanmagan joylarda va (yoki) qurilmalarda yoqilg‘ini, yoqilg‘i sifatida foydalaniladigan moddalarni yoki moddalar aralashmasini, yoqilg‘i hisoblanmaydigan materiallarni va chiqindilarni ochiq alanga oldirib yoqish, shuningdek issiqxonalarda, ishlab chiqarish binolarida, yondirish uskunalarida yoki boshqa obyektlarda yoqilg‘i sifatida shinalarni, bitumni, mazutni, plyonkani, sintetik kartonni, rezinani, jun tolasini yoqish va shunga o‘xshash komponentlarni o‘z ichiga olgan chiqindilarni yoqish uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilmoqda.

Senatorlarning fikricha, Qonunning qabul qilinishi atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olishga, tabiiy resurslarning kafolatlangan himoyalanishiga, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda davlat ekologik nazoratini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling