Senat 2025-yildagi ishlar yakunlarini sarhisob qildi va 2026-yilga mo'ljallangan vazifalarni tasdiqladi
Senat 2025-yildagi ishlar yakunlarini sarhisob qildi va 2026-yilga mo'ljallangan vazifalarni tasdiqladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 13-yalpi majlisida parlament yuqori palatasining 2025-yildagi faoliyati natijalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Mazkur masala yuzasidan Senat Raisi maʼruza qilib, o‘tgan yil davomida Senat tomonidan qonunchilik, nazorat-tahlil, xalqaro hamkorlik, mahalliy Kengashlar bilan o‘zaro hamkorlik hamda aholi murojaatlari bilan ishlash yo‘nalishlarida erishilgan asosiy natijalarga to‘xtaldi.
Maʼlum qilinishicha, 2025-yilda Senat tomonidan 136 ta qonun ko‘rib chiqilib, ularning 130 tasi maʼqullangan. Yangi konstitutsiyaviy vakolatlardan kelib chiqib, fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha 13 ta qonunchilik tashabbuslari ilgari surilgan.
Nazorat-tahlil faoliyati doirasida 83 ta tadbir o‘tkazilib, hududlarda aholini qiynayotgan masalalar yuzasidan Hukumatga aniq takliflar kiritilgan. Jumladan, aholini tashvishga solayotgan 1,5 mingdan ortiq masalalar aniqlangan va Hukumatga kiritilgan taklif asosida ularni hal qilish uchun 2026-yilda Davlat byudjetidan 2,2 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Senat xalqaro va parlamentlararo faoliyatini jadal davom ettirdi. Xorijiy hamkorlar bilan ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazildi, nufuzli xalqaro anjumanlar tashkil etildi.
19 ta mamlakat bilan yangi parlamentlararo hamkorlik guruhlari tashkil etilgan. Qator yirik xalqaro tadbirlar, xususan 2025 yil 5-9 aprel kunlari Toshkent shahrida Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi yuqori saviyada o‘tkazilgan.
Mahalliy Kengashlar faoliyatini kuchaytirish, deputatlar salohiyatini oshirish va mahallalarda muammolarni hal etishga qaratilgan ishlar amalga oshirildi.
Senat qo‘mitalari tomonidan mahalliy Kengashlar bilan hududlardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni muhokama etish va hal qilish bo‘yicha qo‘shma sayyor majlislarni o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Deputatlarning malakasi va kasbiy salohiyatini oshirish maqsadida 100 dan ortiq o‘quv seminarlari o‘tkazilgan.
Yalpi majlisda 2026-yilda Murojaatnomada belgilangan ustuvor yo‘nalishlar asosida qonun ijodkorligi, parlament nazorati, hududlar bilan ishlash, aholi bilan muloqotni yana-da kuchaytirish va xalqaro aloqalarni kengaytirish vazifalari belgilab olindi.
Muhokama yakunida senatorlar tomonidan taklif va fikr-mulohazalar bildirilib, ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha aniq vazifalarni belgilaydigan Senat qarori qabul qilindi.