“Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi jamoatchilik muhokamasidan o‘tdi
“Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi jamoatchilik muhokamasidan o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 23 yanvar kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hokimiyati binosida Chorvoq suv ombori sohilida barpo etilishi rejalashtirilayotgan “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turistik markazi loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari bo‘lib o‘tdi.
Maʼlum qilinishicha, tadbir loyiha doirasida atrof-muhitga taʼsirni baholash jarayonining bir qismi sifatida tashkil etilgan. Muhokamada mahalliy aholi, ommaviy axborot vositalari, blogerlar, ekologlar, ekspertlar hamda davlat idoralari vakillari ishtirok etgan.
Jamoatchilik eshituvlarida loyihaning ekologik xavfsizlikka oid jihatlari, xususan, tozalanmagan oqova suvlarni Chorvoq suv omboriga chiqarishga yo‘l qo‘ymaslik, markazlashgan kanalizatsiya tizimini joriy etish, ekologik monitoring o‘rnatish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.
Loyiha milliy ekologik qonunchilik hamda xalqaro standartlar talablariga muvofiq amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Barcha taklif va mulohazalar rasmiy tarzda qayd etilgan holda, keyingi bosqichlarda inobatga olinadi.