Savdo, IT va media sohalari optimistiklida yetakchilik qilmoqda: ishchilarning 81 foizi O'zbekistonda daromadlarning o'sishini kutishmoqda.
Savdo, IT va media sohalari optimistiklida yetakchilik qilmoqda: ishchilarning 81 foizi O'zbekistonda daromadlarning o'sishini kutishmoqda.
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sotuvchilar, IT mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari xodimlari kelajakdagi daromadlari haqida eng optimistik fikrda bo'lishdi: ushbu sohalardagi respondentlarning 81 foizi kelgusi yil davomida daromadlari oshishiga ishonishadi. Bu O'zbekiston Markaziy banki tomonidan 2025 yilning uchinchi choragi uchun o'tkazilgan so'rov natijalariga ko'ra.
Soʻrov natijalariga koʻra, joriy yilning III choragida aholining isteʼmol kayfiyatida ijobiy tendensiyalar saqlanib qolgan va umumiy barqarorlik davom etgan. Shu bilan birga, ushbu davrda kreditga boʻlgan talabning biroz pasayishi qayd etilgan.
Respondentlarning daromadlari oʻsishi boʻyicha ijobiy kutilmalari yanada yaxshilanib, aholining iqtisodiy faollik va moliyaviy barqarorlikka boʻlgan ishonchi saqlanib qolmoqda.
Xarajatlarga oid kutilmalarida sezilarli oʻzgarish kuzatilmadi. Kutilmalarning barqaror shakllanishi aholining isteʼmol faolligi oshib borayotganligini koʻrsatmoqda.
Soʻrov qatnashchilarining jamgʻarishga boʻlgan moyilligi yuqori saqlanib, jamgʻarish hajmi oʻtgan chorakka nisbatan biroz oshgani qayd etildi. Bu holat aholining moliyaviy intizomi va oʻz iqtisodiy barqarorligini taʼminlashga qaratilgan ehtiyotkor yondashuvidan dalolat beradi.
Mazkur davrda kreditga boʻlgan talab biroz pasayishda davom etdi. Bu soʻrov ishtirokchilarining moliyaviy xatarlarga nisbatan ehtiyotkor munosabatini ifodalaydi.
Umuman olganda, aholining kelajakdagi daromadiga ishonchi yuqori boʻlishiga qaramay, ular qarz olishda ehtiyotkorlikni oshirish orqali oʻz moliyaviy barqarorligini taʼminlashni afzal koʻrmoqdalar.
Daromad subindeksi
Iqtisodiyotdagi faollikning yuqoriligi soʻrov qatnashchilari daromadlariga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Daromad indeksi III chorakda biroz oshdi. Xususan, ushbu koʻrsatkich II chorakka nisbatan 1,2 bandga oʻsib, 71,9 bandni (2024-yilning mos davriga nisbatan ham 1,2 bandga yuqori) tashkil etdi.
Iqtisodiyotdagi umumiy faollikning yuqori darajada saqlanib qolayotgani, mehnat bozorida bandlik koʻrsatkichlarining yaxshilanishi hamda ish haqi fondlari oʻsishi, almashuv kursining mustahkamlanishi va inflyatsiya darajasining nisbatan barqaror boʻlishi aholining real xarid qobiliyatini saqlab qolishga xizmat qildi.
Respondentlarning 67 foizi kelgusi 12 oyda daromadlari oshishini kutmoqda. Daromadi kamayishini taʼkidlaganlar ulushi oʻtgan chorakka nisbatan biroz kamaydi. Oʻz navbatida, daromadlari oʻzgarmasligini kutayotganlar ulushi oʻtgan chorak darajasida qolgan.
Ushbu tendensiya daromadlar shakllanishi boʻyicha barqaror ijobiy kutilmalarning davom etayotganini anglatadi. Shuningdek, 2024-yilning mos davriga nisbatan daromadlari oshishini kutayotganlar ulushi 2,9 foiz bandga ortgan.
2025-yilning III choragida javob beruvchilar orasida daromadlari oshishini kutganlar ulushi biroz oʻsgan. Bu kutilma, asosan, 3–5 mln soʻm, 7–10 mln soʻm va 20 mln soʻmdan yuqori daromadli qatlamlarda kuzatilgan. Shu bilan birga, daromadi kamayishini kutganlar ulushi 3 mln soʻmdan 10 mln soʻmgacha hamda 15 mln soʻmdan yuqori daromadli qatlamlarda biroz pasaygan.
Asosiy daromad manbalari sifatida rasmiy oylikni bildirganlar ulushi II chorakka nisbatan 6 foiz bandga kamayib, 62 foizni tashkil etdi. Bundan tashqari, oʻtgan chorakka nisbatan kunlik daromad oluvchilar biroz koʻpaygan va mulk ijarasidan daromad oluvchilar ulushi kamaygan. Tomorqa, tadbirkorlik, savdo, pul oʻtkazmalari, boshqa yollanma ishlar, stipendiya va nafaqa hamda dividend orqali daromad oluvchilar ulushi avvalgi davrdagi darajasida qolgan.
2025-yilning III choragida respondentlarning katta qismi kelgusida daromadlari oshishini kutmoqda. Ayniqsa, savdo, axborot texnologiyalari va ommaviy axborot vositalari, kommunal hamda maishiy xizmatlar sohalarida faoliyat yurituvchilarning asosiy qismi daromadlari oʻsishini kutmoqda.
Turizm, kafe-restoran va fan-taʼlim sohalarida ham ijobiy kutilmalar ustuvor boʻlib, bu turistlar oqimi ortishi hamda taʼlim xizmatlariga talabning oʻsishi bilan izohlanadi.
Shuningdek, qishloq xoʻjaligi, davlat boshqaruvi, qurilish va ishlab chiqarish sohalaridagi respondentlarning ham 65–70 foizga yaqini daromadlari koʻpayadi deb hisoblagan. Bu kutilmalar mavsumiy ishlar, infratuzilma loyihalari va ayrim byudjet xodimlari maoshlarining oshirilishi bilan bogʻliq.
2025-yilning III choragida xarajatlar boʻyicha kutilmalarda sezilarli oʻzgarish kuzatilmadi. Xarajatlar boʻyicha subindeks 77,8 bandni tashkil etib, oʻtgan chorak darajasida saqlanib qoldi.
Ushbu davrda xarajatlar subindeksi shakllanishi asosan, taʼlim yili boshlanishi, ichki turizm faolligining davom etishi, qishloq xoʻjaligi va qurilish sohalaridagi mavsumiy faollik hamda xizmatlar sohasidagi xarajatlar miqdorining barqarorligi bilan bogʻliq boʻldi.
Soʻrovnomada qatnashganlarning 77 foizi kelgusi 12 oy mobaynida oʻz xarajatlarining oshishini kutmoqda. Bu koʻrsatkich oʻtgan chorak darajasida shakllangan boʻlib, isteʼmolchilarning xarajatlar boʻyicha kutilmalari barqarorligini anglatadi.
Kelgusida xarajatlari oʻzgarmasligini va qisqarishini kutganlar ulushi oʻtgan chorak darajasida saqlanib qoldi.
2025-yil III choragida ham kam va oʻrta daromadli respondentlar (3 mln soʻmgacha, 5-10 mln soʻm hamda 10-15 mln soʻm) kelgusi chorakda xarajatlarining oshishini koʻproq kutmoqdalar.
Shu bilan birga, oʻrta va yuqori daromadli qatlam (5-7 mln soʻm, 10 mln soʻmdan 20 mln soʻmgacha daromadga ega boʻlganlar) orasida xarajatlar qisqarishini kutganlar ulushi yuqori boʻlib qolmoqda. Soʻrov natijalari aholining asosiy sarf yoʻnalishlari boʻyicha sezilarli oʻzgarish kuzatilmaganini koʻrsatmoqda.
Taʼlim, uy-joy taʼmiri, avtoulov sotib olish va sogʻliqni saqlashga oid xarajatlar aholining barcha daromad qatlamlarida muhim ulushni tashkil etib, ustuvor yoʻnalish sifatida saqlanib turibdi.
Joriy chorak natijalariga koʻra, respondentlarning yosh guruhlari kesimida xarajat yoʻnalishlarida muayyan farqlar kuzatilgan. Xususan, 18–30 yoshdagilar asosan, uy-joy taʼmiri va taʼlim xarajatlarini va oʻrta yosh vakillari (31-40 yoshlilar) uy-joy taʼmiri va davolanishni rejalashtirayotganini bildirgan.
Shu bilan birga, 50 yoshdan yuqori boʻlgan respondentlar koʻproq davolanish hamda boshqa turdagi shaxsiy va maishiy xarajatlarni muhim deb hisoblashgan. Bu tendensiya ushbu yosh guruhida sogʻliqni saqlash va hayot sifatini taʼminlash bilan bogʻliq ehtiyojlarning ortib borayotganini anglatadi.
Kelgusi chorakda respondentlar uy-joy taʼmiri, taʼlim, sogʻliqni saqlash hamda oilaviy bayram va tadbirlarga yirik sarflar qilishni rejalashtirmoqda. Bu yoʻnalishlar aholi isteʼmolining muhim qismini tashkil etadi.
Shuningdek, uy-joy, avtoulov va maishiy texnika xaridi, toʻy marosimlari hamda sayohat qilish kabi xarajatlarga boʻlgan kutilmalarning ulushi ham yuqori boʻlib, bu sohalarda talabning kelgusi davrda ham barqaror saqlanishiga ishora qilad.
Kredit subindeksi
Soʻnggi ikki chorakda kredit subindeksida biroz pasayish kuzatilmoqda. Joriy yilning III choragida kredit subindeksi avvalgi chorakka nisbatan 3,3 bandga pasayib, 63,1 bandni tashkil etdi.
Kelgusi 12 oyda kredit olishni rejalashtirayotganlar ulushi biroz kamaygani qayd etildi. Bu soʻrov ishtirokchilari orasida qarz yukining oshgani va kredit olishga talabning biroz pasaygani bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Oʻrganishlarga koʻra, 2025-yilning I yarim yilligi boʻyicha aholining umumiy qarz yuki 33 foizni tashkil etgan. Shuningdek, 61 foiz qarzdorlarda qarz qaytarish boʻyicha qiyinchiliklar mavjud. Soʻralganlarning 68 foizi keyingi 6 oyda qarz olishni rejalashtirmagan.
Kelgusi davrda kredit olishni rejalashtirayotganlar ulushi 5–7 mln soʻm daromadga ega aholi guruhlarida oshgani kuzatilgan boʻlsa, boshqa barcha daromad toifalarida mazkur koʻrsatkich pasaygan. Shu bilan birga, oylik daromadi 15–20 mln soʻm va 20 mln soʻmdan yuqori boʻlgan respondentlar boshqa guruhlarga nisbatan kelgusida kreditga boʻlgan talabning kamayishini koʻproq kutmoqdalar.
Respondentlar orasida kelgusida kreditga boʻlgan ehtiyoj yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Bunda aholining asosiy qismi kredit mablagʻlarini uy-joy taʼmiri, taʼlim olish, davolanish, toʻy marosimlarini oʻtkazish hamda avtomobil sotib olish kabi maqsadlarda yoʻnaltirishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, ayrim respondentlar tomonidan maishiy texnika sotib olish va sayohat xarajatlarini qoplash uchun ham kredit vositalaridan foydalanish niyati qayd etilgan.
Umuman olganda, mazkur natijalar aholining oʻrta muddatli moliyaviy rejalarida mazkur yoʻnalishlar muhim ahamiyat kasb etayotganini, shu bilan birga, kredit mahsulotlariga boʻlgan talabning barqaror oʻsish tendensiyasi saqlanayotganini anglatadi.
Jamgʻarishga boʻlgan moyillik oshib, moliyaviy ehtiyotkorlikka boʻlgan intilishi kuchaymoqda. Joriy yilning III choragida jamgʻarish kayfiyati subindeksi oʻtgan chorakka nisbatan 0,7 bandga yaxshilanib, 68,9 bandni tashkil etdi.
Shu bilan birga, mazkur koʻrsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 1 bandga yuqoriligi aholining jamgʻarishga boʻlgan moyilligi oʻsib borayotganini koʻrsatadi. Jamgʻarmalari oshishini kutayotgan respondentlar ulushi yuqori darajada shakllanib kelmoqda.
Bu iqtisodiy sharoitlarning barqarorligini va jamgʻarishga boʻlgan intilish yuqoriligini bildiradi. 2022-yilning III choragidan 2025-yilning III choragigacha boʻlgan davrda aholining jamgʻarmalari yetarliligi boʻyicha kutilmalarda barqarorlik kuzatilgan.
Jamgʻarmaga ega boʻlmaganlar ulushi 2022-yilgi 41 foizdan joriy yilda 38 foizgacha kamaygan. Bu holat aholining maʼlum qismida jamgʻarish imkoniyatlarining ortib borayotganini anglatadi. Shu oʻrinda, 1 oygacha yetarli jamgʻarmasi borlar ulushi ham barqaror darajada saqlanib, oxirgi chorakda 32 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, 1–3 oylik jamgʻarmaga ega boʻlganlar ulushi 16 foiz atrofida va 3–6 oy va 6 oydan ortiq jamgʻarmasi boʻlganlar ulushi soʻnggi 2 yil davomida deyarli oʻzgarishsiz, mos ravishda 6–8 foiz oraligʻida saqlanib qolgan.
Umuman olganda, aholining jamgʻarmalari boʻyicha kutilmalari ehtiyotkorlik va barqaror tendensiya bilan tavsiflanadi. Bu esa moliyaviy intizomning shakllanib borayotgani hamda qisqa muddatli zaxiralar saqlash amaliyoti kengayib borayotganini namoyon etmoqda.
Soʻrovnoma natijalariga koʻra, ishtirokchilarning koʻpchiligi moliyaviy holatini ijobiy baholagan. 2024-yil III choragidan 2025-yil III choragigacha moliyaviy holatini yaxshilangan deb hisoblovchilar ulushi ortgan boʻlsa, moliyaviy sharoitlari yomonlashgan deganlar kamaygan. Bu aholi moliyaviy barqarorligi va daromad darajasining yaxshilanib borayotganini hamda iqtisodiy faoliyatda ijobiy kayfiyat shakllanayotganini koʻrsatadi.
Oʻz navbatida, soʻnggi yillarda depozitlar hajmidagi barqaror oʻsish aholining moliyaviy ishonchi tiklanayotganini va milliy valyutadagi omonatlarga qiziqish ortayotganini ifodalamoqda. Maʼlumot uchun, 2025-yilning III choragida milliy valyutadagi muddatli omonatlar 2024-yilning mos davriga nisbatan 45,4 foizga oshdi.
Soʻrov natijalari aholi orasida iqtisodiy optimizm yuqori darajada ekanini tasdiqladi. Qatnashchilarning qariyb uchdan ikki qismi (67 foiz) mamlakat iqtisodiy rivojlanishi yanada tezlashishiga ishonch bildirgan.
Qolganlardan 25 foizi vaziyat barqaror boʻlib qolishini, 9 foizi esa maʼlum xavotirlarni bildirgan. Aholining oʻrta muddatli iqtisodiy kutilmalarida ijobiy tendensiya saqlanayotganini koʻrsatadi.
Iqtisodiyotning rivojlanishini kutayotganlar ulushi 77 foizni tashkil etgan boʻlsa, barqarorlikni kutayotganlar ulushi 18 foizni tashkil etgan. Bundan tashqari, iqtisodiy vaziyatga nisbatan salbiy fikr bildirganlar ulushi avvalgi chorakdagi koʻrsatkichga nisbatan 2 foiz bandga kamayib, 5 foizni tashkil etdi.
Markaziy bank tomonidan aholining keng soha vakillarini qamrab olgan holda oʻtkaziladigan soʻrovlar natijalari asosida berib boriladigan isteʼmol kayfiyati indeksi4 (IKI) ni hisoblashda soʻrov ishtirokchilarining kelgusidagi daromadlari, xarajatlari, kreditlari va jamgʻarmalari oʻzgarishi boʻyicha tanlangan javob variantlari sonidan kelib chiqib shakllantiriladi.
Bunda respondentlar tomonidan belgilangan javoblar variantlari quyidagi vaznlar orqali umumlashtiriladi va normallashtiriladi: sezilarli darajada koʻpayish/oshish (ijobiy) – 100; biroz koʻpayish/oshish (ijobiy) – 75; neytral javob (oʻzgarishsiz) – 50; biroz kamayish (biroz salbiy) – 25; sezilarli darajada kamayish (salbiy) – 0.
Agar hisoblangan subindeks koʻrsatkichi 50 bandga teng boʻlsa, soʻrov ishtirokchilari oʻrganilayotgan kutilmalari oʻzgarmaganini koʻrsatadi. Agar 50 banddan yuqori boʻlsa, kutilmalar oshayotganini bildiradi. Agar subindeks koʻrsatkichi 50 banddan past boʻlsa, kutilmalar pasayganini bildiradi.
Shuningdek, subindeks 100 bandga teng boʻlishi barcha respondentlar yuqori oshishini kutayotganini anglatsa, 0 bandga teng boʻlishi barcha sezilarli kamayishini bildirganini anglatadi.