Saudiya Arabistonida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” bo‘lib o‘tmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2 oktyabrdan 11 oktyabrgacha Saudiya Arabistoni Podshohligida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tadbirlari o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston delegatsiyasiga madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov rahbarlik qilmoqda.
Tadbir doirasida o‘zbek sanʼat ustalarining konsertlari, milliy taomlar va hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari, madaniy pavilyonlar, shuningdek nodir qo‘lyozmalar, kitoblar va o‘zbek adabiyoti namunalari namoyish etilmoqda.
O‘zbekistonning Er-Riyad shahrida o‘tayotgan “Riyadh International Book Fair” xalqaro kitob yarmarkasida “Faxriy mehmon” sifatida ishtirok etishi katta eʼtibor qozondi.
Maʼlumot o‘rnida, “Riyadh International Book Fair” — bu Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida har yili o‘tkaziladigan xalqaro kitob festivali hisoblanib, 10 kun davom etadi. Unda, 2 000 dan ziyod nashriyotlar o‘z mahsulotlari bilan qatnashadi. Odatda ushbu festivalning faxriy mehmonlari arab davlatlaridan taklif etiladi, so‘nggi 10 yil davomida ilk marotaba O‘zbekiston ushbu maqomga munosib ko‘rilgan.
O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni madaniyat vazirlari uchrashuvi chog‘ida madaniyat va sanʼat sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hujjat imzolandi.
Shuningdek, Saudiya Arabistonida saqlanayotgan Markaziy Osiyoga oid nodir va benazir qo‘lyozmalarni o‘zbek tiliga tarjima qilish bo‘yicha qo‘shma ishlarni yo‘lga qo‘yish istiqbollari ham muhokama qilindi.