Saudiya Arabistonida maoshini ololmayotgan 19 nafar O'zbekiston fuqarolariga yordam ko'rsatildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston Bosh konsulxonasi ko'magida Saudiya Arabistonida ishlayotgan yurtdoshlarimizning oylik maoshi bilan bog'liq muammolari ijobiy hal qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Diplomatik missiyadan olingan ma'lumotga ko'ra, shu yilning 2-oktyabr kuni 19 nafar O'zbekiston fuqarolari Saudiya Arabistoning Rabig' sanoat shaharchasi qurilish jarayonida ishtirok etayotgan turk kompaniyasi oylik maoshlarini to'lamayotgani vaji bilan murojaat qilgan.
Bosh konsulxona xodimlari mazkur holatni o'rganish maqsadida Saudiyaning Rabig' shahrida bo'ldi.
Safar davomida vatandoshlar bilan mazkur holat yuzasidan suhbat o'tkazildi. Shundan so'ng, ish beruvchi korxona rahbarlari bilan muzokaralar olib borildi.
Natijada Turkiya kompaniyasi rahbarlari bilan o'zbekistonlik ishchilar bilan bog'liq barcha moliyaviy muammolarni bartaraf etish hamda ularni kompaniya hisobidan O'zbekistonga qaytarish bo'yicha kelishuvga erishildi.
O'zbekiston fuqarolari bilan bog'liq ushbu holat to'liq Bosh konsulxona tomonidan nazoratga olingan.