Sartorius AG va Oʻzbekiston biofarmatsevtika sanoatini rivojlantirishni muhokama qilishdi
Sartorius AG va Oʻzbekiston biofarmatsevtika sanoatini rivojlantirishni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 26 noyabr kuni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Germaniyaning xalqaro biotexnologiya kompaniyasi - "Sartorius AG" vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Sartorius AG - biofarmatsevtika sanoati uchun asbob-uskunalar, bioprotsessing texnologiyalari va laboratoriya xizmatlari yetkazib beradigan yirik kompaniya hisoblanadi. Kompaniya bioreaktorlar, filtrlash tizimlari, hujayra kultivatsiyasi uskunalari, laboratoriya asboblari va sifati nazorati uchun innovatsion yechimlar ishlab chiqarishda jahonning yetakchi brendlaridan biri sanaladi.
Uchrashuvda “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasterida amalga oshirilayotgan loyihalar, biotexnologiya yo‘nalishlaridagi imkoniyatlar hamda hamkorlik uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida maʼlumot berildi.
Tomonlar laboratoriya infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kadrlar tayyorlash borasidagi qo‘shma faoliyatlar istiqbollarini muhokama qildilar. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyati va ularning salohiyati bilan tanishuv o‘tkazildi.
Uchrashuv yakunida ilmiy-tadqiqot konsepsiyasini ishlab chiqishda qo‘llab-quvvatlash va qator amaliy takliflar ustida ishlashga kelishib olindi.