Sariosiyo aeroporti 30 yildan so‘ng faoliyatini tikladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 30-may kuni Sariosiyo aeroporti “Silk Avia” aviakompaniyasining ilk reysini qabul qildi. Toshkentdan bortida 48 nafar yo‘lovchi bilan uchgan samolyot mahalliy vaqt bilan soat 15:41 da aeroportga kelib qo‘ndi. An’anaga ko‘ra, samolyot suv arkasi bilan, yo‘lovchilar esa karnay va surnay sadolari ostida kutib olindi.
“Silk Avia” aviakompaniyasi tomonidan “Toshkent – Sariosiyo – Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha ATR-72-600 samolyotlarida muntazam qatnovlar haftasiga ikki marta – chorshanba va juma kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Avval xabar qilinganidek, viloyat aeroportida aerodromning sun’iy yuzalarida, ya’ni uchish-qo‘nish yo‘lagi, burilish yo‘lakchasi va samolyotlar uchun turish joylarida kapital ta’mirlash ishlari olib borildi. Ushbu rekonstruksiya ishlaridan so‘ng aeroport 29-aprel kuni birinchi texnik parvozni qabul qildi.
Bir oy ichida 1100 kvadrat metr maydon va soatiga 100 nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega yangi terminal qurish bo‘yicha barcha ishlar yakunlandi. Bugun Sariosiyo aeroporti muntazam reyslarni amalga oshira boshlab, ilk yo‘lovchilarini qabul qildi.
Eslatib o‘tamiz, Sariosiyo aeroporti 1995-yilda fuqaro aviatsiyasi uchun yopilgan bo‘lsa, oradan 30 yil o‘tib yana yo‘lovchilarni qabul qila boshladi. Havo bandargohi so‘nggi yillarda o‘z faoliyatini tiklagan beshinchi mintaqaviy aeroportga aylandi. Avvalroq Mo‘ynoq, Qo‘qon, Shahrisabz va Zomin aeroportlari rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilgan edi.