Sanoat zonalarida loyihalar amalga oshirilishi jadallashtiriladi
Sanoat zonalarida loyihalar amalga oshirilishi jadallashtiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hukumat qarori bilan “Sanoat zonalari ishtirokchilari tomonidan yakuniga yetkazilmagan loyihalarni amalga oshirishga kiritilgan investitsiyalarni baholash hamda qurilishi tugallanmagan bino va inshootlarda investitsiya kiritish va qurilish ishlarini amalga oshirgan sanoat zonalari ishtirokchilari tomonidan sarflangan mablag‘larni qoplab berish sharti bilan yangi ishtirokchilarga berish tartibi to‘g‘risida”gi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, sanoat zonasidagi yakuniga yetkazilmagan loyihalarni amalga oshirishga kiritilgan investitsiyalarni baholash investorning sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini yo‘qotgandan so‘ng uning loyiha doirasida amalga oshirgan xarajatlarini maʼlum shartlar asosida qoplab berish maqsadida amalga oshiriladi.
Bunda sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini yo‘qotgan investor va direksiya o‘rtasidagi kelishuv bitimi asosida ishtirokchi tomonidan qurilishi boshlanib, qurilishi tugallanmagan obyektlar ular qurilishiga sarflangan xarajatlarni qoplash sharti bilan direksiyaga o‘tkaziladi.
Investorning sanoat zonasi ishtirokchisi maqomi qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilingandan so‘ng yer uchastkasi qurilishi tugallanmagan obyekt bilan birgalikda direksiyaga qaytariladi.
Bunda 2 hafta muddatda direksiya qurilishi tugallanmagan obyektni o‘rnatilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, 1 oy muddatda mazkur obyektni baholashdan o‘tkazadi.
Obyekt baholangandan so‘ng, direksiya yer uchastkasini qurilishi tugallanmagan obyekt bilan birgalikda yoki obyekt qurilishini yakunlab, foydalanish uchun ruxsatnoma olingandan so‘ng 3 kunlik muddatda yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun o‘rnatilgan tartibda elektron-onlayn auksionga joylashtiradi.