Valyuta kurslari 03/12/2025
$1 – 11880.93
UZS – -0,12%
€1 – 13794.95
UZS – -0,23%
₽1 – 153.28
UZS – 0,2%
Qidirish
Samarqandga qo'shimcha elektr avtobuslar yetkazib beriladi

Samarqandga qo'shimcha elektr avtobuslar yetkazib beriladi

Samarqandga qo'shimcha elektr avtobuslar yetkazib beriladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand - Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining “Yashil shahar” loyihasiga kiritilgan O‘zbekistondagi birinchi shahar hisoblanadi. Mazkur loyiha doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan Samarqand shahri jamoat transporti uchun elektrobuslar xarid qilish bo‘yicha kredit shartnomasi imzolangan.

Shartnomaga ko‘ra, birinchi bosqichda aholiga jamoat transporti xizmati ko‘rsatish uchun Samarqandga 100 ta elektrobus, ularni quvvatlash uskunalari olib kelingan edi.

Bugun viloyat hokimi Adiz Boboyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari hamda konsultantlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda Samarqand shahrida jamoat transporti tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihaning istiqbollari va keyingi bosqichlari, zamonaviy elektrobuslar xarid qilish va ularning samarali ishlashi uchun zarur infratuzilmani yaratish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda tomonlar elektrobuslar deposi qurilishining bugungi holatini atroflicha ko‘rib chiqdilar. Qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash, barcha texnologik me’yor va standartlarga rioya etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish uchun ajratilgan yer maydoni bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Ushbu bosqich elektrobuslar yo‘nalishlari tarmog‘ini kengaytirish va infratuzilmani yanada rivojlantirishni nazarda tutadi. Bu esa o‘z navbatida, Samarqand shahri aholisi va mehmonlari uchun transport qulayligini sezilarli darajada yaxshilaydi.

Adiz Boboyev hudud aholisning hayot sifatini yaxshilash uchun transport va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish ustuvor ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Viloyat rahbari yuzaga kelayotgan masalalarni hal etish va loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishda har tomonlama ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar samarali hamkorlikni davom ettirishdan mamnun ekanliklarini bildirib, loyihani samarali amalga oshirishda yaqindan hamkorlik qilish bo‘yicha kelishib oldilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling