Samarqanddan Dushanbega to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar yo‘lga qo‘yildi
(surat: Centrum Air)
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand xalqaro aeroportidan Tojikiston Respublikasining poytaxti — Dushanbega to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Yangi yo‘nalish Air Marakanda boshqaruvchi kompaniyasi hamda Centrum Air aviakompaniyasi hamkorligi doirasida amalga oshirildi.
Dushanbeden kelgan birinchi reysni qarshi olishga bag‘ishlangan tantanali marosimda Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Abdujabbor Aziz Rahmonzoda, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Qobilov R., Tojik madaniyat markazi raisi Samadov Sh. hamda boshqa mehmonlar ishtirok etdilar.
C6246 reysi samolyoti anʼanaga muvofiq, aeroportda suv arkasi bilan kutib olindi. Birinchi reys yo‘lovchilari karnay-surnay sadolari, milliy raqsu anʼanaviy samarqandcha samsa bilan tantanali kutib olindi. Tadbirning avji sifatida bayram torti kesilib, yangi yo‘nalish ochilishi va ikki tomonlama hamkorlikning mustahkamlanishi ramziy ravishda nishonlandi.
Samarqand — Dushanbe yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar haftaning payshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi. Samarqand xalqaro aeroportidan uchish mahalliy vaqt bilan soat 07:30 ga belgilangan.
Yangi aviayo‘nalishning ochilishi O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi turistik, ishbilarmonlik va madaniy aloqalarni kengaytirishga, shuningdek, mintaqaning transportga bo‘lgan yetib borish imkoniyatini oshirishga xizmat qiladi.