Samarqandda Yevropa parlamenti delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi

Samarqandda Yevropa parlamenti delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi

Samarqandda Yevropa parlamenti delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi parlamentlararo forumi doirasida Yevropa parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bilan aloqalar bo‘yicha Yevropa parlamenti delegatsiyasi rahbari Djuzi Princhi hamda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprays bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuv chog‘ida D. Princhi O‘zbekistonga mazkur forumni ilgari surish va yuqori darajada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirib, ushbu platforma Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi parlamentlari o‘rtasidagi muloqotning birinchi institutsional shakli sifatida muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Zamonaviy geosiyosiy o‘zgarishlar sharoitida tashqi aloqalarni diversifikatsiya qilish zarurligi qayd etilib, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi. Shuningdek, O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining mintaqadagi ishonchli strategik sherigi sifatida eʼtirof etildi.

Yevropa Ittifoqining siyosiy muloqot bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy, turizm, madaniy va taʼlim sohalarida ham hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanligi bildirildi.

Shuningdek, Yevropa parlamenti deputatlari Tomash Zdexovskiy va Tyerri Mariani “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti hamda O‘zbekiston Prezidentining Bryussel shahriga amalga oshirgan tashrifi natijalarini yuqori baholab, ularning strategik ahamiyatini alohida qayd etdi.

Taʼlim, madaniyat va yoshlar almashinuvi sohalarida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, mintaqa mamlakatlari fuqarolari uchun vizalar imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilayotgani ham taʼkidlandi.

Shu bilan birga, forum formatining ochiq va inklyuziv xususiyatini saqlab qolish, hamkorlar doirasini kengaytirish hamda ustuvor yo‘nalishlarni aniq belgilash orqali amaliy natijalarga erishish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo forumlarni Bryussel shahrida va Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlarida muntazam o‘tkazishga tayyor ekanligini bildirdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling