Samarqandda Texnik tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining bosh mutaxassisi pora bilan ushlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqandda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Texnik tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining bosh mutaxassisi pora olganlikda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
Tergov maʼlumotlariga ko‘ra, inspeksiya xodimi shahardagi g‘isht zavodlaridan birida tekshiruv o‘tkazar ekan, qasddan qonunbuzilish holatlarini ko‘paytirib ko‘rsatgan. U tadbirkorga korxona sifatsiz mahsulot ishlab chiqargani uchun 226 million so‘m jarimaga tortilishi mumkinligini aytgan.
Biroq, u tadbirkorga 3000 AQSH dollari evaziga tekshiruv natijalarini “yumshatish” va jarimani 25 million so‘mgacha kamaytirishni taklif qilgan.
Shundan so‘ng, mansabdor shaxs o‘z xizmat xonalarida 2500 dollar miqdoridagi pora pulini olayotgan paytda ushlangan.
Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (pora olish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi hibsga olingan, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda soliq inspektori 40 dollar pora olgani uchun 2 yil ozodlikdan mahrum etilgan, uning uch nafar farzandi borligi maʼlum qilingan edi.