Samarqandda Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibining yordamchisi Navid Xanif bilan uchrashuv o‘tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibining iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha yordamchisi Navid Xanif bilan uchrashdi. Suhbatning asosiy mavzusi O‘zbekiston hududida ilk bor o‘tkazilgan Davlat xizmati bo‘yicha Global forum yakunlari bo‘ldi.
Saida Mirziyoyeva suhbat davomida mamlakatning islohotlar va raqamli transformatsiya sohasidagi asosiy yutuqlari taqdim etilganini, shuningdek, "O‘zbekiston – 2030" strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari belgilab olinganini taʼkidladi. Tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilib, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish, ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, o‘zbek mutaxassislarini BMT himoyasi ostidagi tashabbus va loyihalarda ishtirokini taʼminlash masalalariga to‘xtalib o‘tishdi.
Muhokamada ekologik kun tartibiga ham alohida eʼtibor qaratildi — jumladan, Xalqaro iqlim akademiyasini tashkil etish rejalari va Orolbo‘yi mintaqasidagi ekotizimni tiklash bo‘yicha amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar muhokama qilindi.
«Bugungi kunda dunyoda beqarorlik kuchayib borayotgan bir paytda, bir-birimizni eshitishni o‘rganish juda muhim. BMT hali ham ochiq muloqot va hamkorlikda yechim topish imkonini beradigan yagona platformadir», — dedi Mirziyoyeva va yaqin kelajakda BMT bilan hamkorlikda yana ko‘plab yangi tashabbuslar amalga oshirilishiga ishonch bildirdi.