Samarqandda qurilishda tuproq ostida qolgan ishchi qutqarildi
Samarqandda qurilishda tuproq ostida qolgan ishchi qutqarildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qutqaruvchilar Samarqanddagi qurilish maydonchasida tuproq ostida qolib ketgan qurilish ishchisiga tezda yordam ko‘rsatishdi.
Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi maʼlumotiga ko‘ra, 8 aprel kuni soat 18:00 atrofida navbatchilik qismiga «Oltin Asr» mahallasidagi qurilish obyektlaridan birida insonni tuproq bosib qolgani haqida xabar kelib tushgan.
Bir necha daqiqa ichida hududiy FVB bo‘linmasi xodimlari voqea joyiga yetib kelib, qutqaruv ishlarini boshladi. Maxsus texnika yordamida jabrlanuvchi tezda tuproq ostida chiqarib olindi.
Unga voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Shundan so‘ng erkak tibbiyot muassasasiga yetkazildi.
Shifokorlar maʼlumotiga ko‘ra, uning holati barqaror, hayoti va sog‘lig‘iga xavf yo‘q. Yaqin kunlarda u shifoxonadan chiqarilishi kutilmoqda.