Samarqandda O‘zbekiston va Qozog‘iston parlamentlari aʼzolarining konstruktiv muloqoti bo‘lib o‘tdi
Samarqandda O‘zbekiston va Qozog‘iston parlamentlari aʼzolarining konstruktiv muloqoti bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qozog‘iston parlamenti delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayevaning Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga doir keng ko‘lamli masalalar, shuningdek, siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Ikki davlat rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgani taʼkidlandi.
Mushtarak tarixiy ildizlar, maʼnaviy qadriyatlar va yaxshi qo‘shnichilik anʼanalariga asoslangan madaniy-gumanitar hamkorlikning ahamiyati qayd etildi. Shu maʼnoda, O‘zbek-qozoq ilmiy-ijodiy ziyolilarining ikkinchi forumi o‘tkazilishi ikki mamlakatning ilm-fan namoyandalari va ijodkor ziyolilarining muloqoti uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Ko‘p tomonlama formatlarda parlamentlararo hamkorlik, shu jumladan hududlararo forumlarda birgalikda ishtirok etish faollashgani alohida taʼkidlandi. Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi parlamentlararo forumi buning yorqin dalilidir.
Uchrashuvda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti doirasidagi hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Joriy yilda O‘zbekiston ushbu platformaga raislik qilayotgani hamda navbatdagi yig‘ilishni Buxoro shahrida hamda Osiyo xotin-qizlari II forumini o‘tkazish rejalashtirilgani taʼkidlandi.
Bundan tashqari, joriy yil sentyabr oyida Samarqand shahrida XII Yosh parlament aʼzolari global forumi ham bo‘lib o‘tishi maʼlum qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston-Qozog‘iston ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, parlamentlararo muloqotni kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini bildirdilar.