Samarqandda O‘zbek-qozoq ilmiy-ijodiy ziyolilarining ikkinchi forumi bo‘lib o‘tdi
Samarqandda O‘zbek-qozoq ilmiy-ijodiy ziyolilarining ikkinchi forumi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qozog‘iston parlamenti delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Samarqand shahri “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Umumiy o‘tmishdan – mushtarak kelajak sari” mavzusida O‘zbek-qozoq ilmiy-ijodiy ziyolilarining ikkinchi forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumning ochilish marosimida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlari ildizi mushtarak, taqdiri tutash, Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida ming yillar davomida shakllangan boy meros sohiblari ekanini alohida taʼkidladi.
Qayd etilganidek, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar bugungi kunda davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli yangi mazmun bilan boyib bormoqda.
Qozog‘iston Senati Raisi Maulen Ashimbayev ikki davlat o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik iqtisodiyot va siyosatdan tortib, ekologiya, taʼlim va madaniyatgacha bo‘lgan asosiy yo‘nalishlarni qamrab olgan holda bundan buyon ham izchil kengayib borishini taʼkidladi.
Forumda Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Al-Forobiy, Mahmud Qoshg‘ariy, Alisher Navoiy, Bobur va Abay kabi ulug‘ siymolar merosi xalqlarimiz o‘rtasidagi maʼnaviy yaqinlikning mustahkam asosi ekani alohida qayd etildi. Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Turkiston, Chimkent va Olmaota kabi shaharlar esa umumiy tarix va madaniy merosning tirik guvohlari sifatida eʼtirof etildi.
Anjumanda keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasida gumanitar sohadagi aloqalar sezilarli darajada faollashgani taʼkidlandi. Xususan, o‘tgan yilning o‘zida O‘zbekiston madaniyati va o‘zbek xalqining ko‘p asrlik anʼanalarini targ‘ib qilishga qaratilgan 18 ta madaniy-gumanitar tadbir o‘tkazilgani qayd etildi.
Qozog‘iston vakillari Samarqanddagi “Sharq taronalari”, Shahrisabzdagi “Maqom”, Termizdagi “Baxshi”, Marg‘ilondagi “Buyuk ipak yo‘li” va Qo‘qondagi “Hunarmand” kabi xalqaro festivallarda muntazam ishtirok etib kelayotgani alohida eʼtirof etildi.
Ilm-fan va taʼlim sohasidagi hamkorlik natijalari forum ishtirokchilari eʼtibor markazida bo‘ldi. Bugungi kunda Qozog‘istondagi 116 ta taʼlim muassasasida 8 500 nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil olayotgani, universitetlar, fanlar akademiyalari, muzeylar va ijodiy uyushmalar o‘rtasida samarali hamkorlik shakllangani taʼkidlandi.
Shu tariqa, Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘zbek-qozoq ilmiy-ijodiy ziyolilarining ikkinchi forumi ikki xalq o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni yana-da mustahkamlash, yangi qo‘shma tashabbus va loyihalarni muhokama qilish, shuningdek, ilm-fan, madaniyat va ijod ahli o‘rtasida o‘zaro fikr almashish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.
Shu bilan birga, forum doirasida delegatsiya rahbarlari va ishtirokchilar universitetda tashkil etilgan ikki xalqning buyuk shoirlari, rassomlari va olimlarining ilmiy hamda ijodiy merosidan iborat namunalar ko‘rgazmasi, shuningdek, innovatsiyalar va IT-texnologiya loyihalari bilan tanishdilar.