Samarqandda Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasida taʼlim va fan sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Samarqandda Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasida taʼlim va fan sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan Oʻzbekiston–Vengriya uchinchi rektorlar forumi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Vengriya Rektorlar konferensiyasi prezidenti Bela Merkeli bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqot chogʻida ikki mamlakat oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda Oʻzbekiston va Vengriyaning 50 dan ortiq oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida amaliy hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, “Stipendium Hungaricum” dasturi doirasida oʻzbekistonlik talabalar uchun ajratiladigan taʼlim grantlari soni 30 tadan 200 tagacha oshirilgani ikki mamlakat taʼlim hamkorligining muhim natijalaridan biri sifatida eʼtirof etildi.
Tomonlar qoʻshma PhD dasturlarini yoʻlga qoʻyish, professor-oʻqituvchilar almashinuvini kengaytirish, sunʼiy intellekt va raqamli tibbiyot, biotexnologiya va farmakologiya, suv resurslarini boshqarish va ekologiya, mexatronika va robototexnika kabi ustuvor yoʻnalishlarda akademik hamkorlikni kuchaytirish hamda qoʻshma ilmiy tadqiqot markazlarini tashkil etish masalalarini muhokama qildi.
Oʻzbekiston–Vengriya rektorlar forumida U2U formatidagi ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazildi
Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan Oʻzbekiston–Vengriya uchinchi rektorlar forumi doirasida ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari rahbarlari oʻrtasida U2U (University to University) formatidagi ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvlar oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni rivojlantirish, qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish, akademik almashinuvlarni kengaytirish hamda ilmiy-tadqiqot loyihalarini birgalikda amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun muhim platforma boʻlib xizmat qildi.
Muloqotlar davomida Oʻzbekiston va Vengriyaning yetakchi universitetlari rektorlari hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari — muhandislik, axborot texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi, suv xoʻjaligi, tibbiyot va boshqa sohalarda qoʻshma dasturlarni tashkil etish, professor-oʻqituvchilar hamda talabalar almashinuvini faollashtirish, qoʻshma ilmiy markazlar tashkil etish kabi masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
U2U formatidagi bunday uchrashuvlar Oʻzbekiston va Vengriya universitetlari oʻrtasida samarali akademik hamkorlikni rivojlantirish, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida qoʻshma tashabbuslarni ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Forum dasturining yakuniy qismida O‘zbekiston va Vengriya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida erishilgan kelishuvlar asosida ikki tomonlama hamkorlik shartnomalarini almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur hujjatlar ta’lim, ilmiy-tadqiqot faoliyati, akademik almashinuv, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Shundan so‘ng forum doirasida tashkil etilgan sho‘ba yig‘ilishlari moderatorlari tomonidan olib borilgan muhokamalar yuzasidan hisobotlar taqdim etildi. Unda sessiyalar davomida bildirilgan takliflar, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari hamda kelgusidagi qo‘shma tashabbuslar haqida ma’lumot berildi.