Samarqandda Italiyaning Tushia universiteti filiali ochiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston elchisi Abat Fayzullayev Italiyaning Tushia universiteti rektori, professor Stefano Ubertini bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog'ida professor Stefano Ubertini O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligi bilan Samarqand agroinnovatsiya va ilmiy tadqiqot institutida qo'shma universitet kampusini tashkil etish to'g'risida kelishuv imzolaganini hamda kelishuv shartlarini bajarish bo'yicha tegishli ishlar boshlab yuborilganini ma'lum qildi. Uning aytishicha, universitet filialining rasmiy ochilish marosimi joriy yilning 30 sentyabr kuni o'tkaziladi. Universitetda o'quv yili 2026 yil yanvardan boshlanadi.
"Italiya universitetlari qatorida qishloq xo'jaligi yo'nalishi bo'yicha tarixda ilk bor Tushianing birinchi xorijdagi filiali O'zbekistonda ochiladi. Biz bundan juda xursandmiz " – dedi rektor Stefano Ubertini.
Filialda o'zbekistonlik talabalarga Italiyaning agrar sohadagi ilg'or tajribasi va zamonaviy texnologiyalari asosida bilim beriladi.
Tushia universiteti 1979 yilda Viterbo shahrida tashkil etilgan. Universitet Italiyaning qishloq xo'jaligi yo'nalishidagi yetakchi oliy ta'lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Ushbu ta'lim dargohida 8 mingdan ziyod talaba tahsil oladi.