Samarqand xalqaro aeroporti 2024 yil yakunlariga ko‘ra yo‘lovchilar oqimining o‘sish surʼati bo‘yicha eng ilg‘or aeroportlardan biri deb tan olindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand xalqaro aeroporti jadal rivojlanayotgan aeroportlar qatorida o‘z mavqeini mustahkamlashda davom etmoqda va nufuzli ACI Europe reytingida yiliga 1 milliondan 10 milliongacha yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan aeroportlar orasida 2-o‘rinni egalladi.
Yevropa aeroportlari xalqaro kengashi (Airports Council International, ACI Europe) maʼlumotlariga ko‘ra, Samarqand aeroporti yo‘lovchilar oqimining rekord darajadagi o‘sish ko‘rsatkichini namoyish etdi: 2019 yilga nisbatan +186%.
Bunday natija aviatsiya tarmog‘ining tez rivojlanayotgani, sayyohlarning Samarqandga qiziqishi ortib borayotganini tasdiqlaydi.
2024 yilda havo porti yana yangi tarixiy maksimumga erishdi va 1,38 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi, bu rekord darajadagi 2023 yilga nisbatan 37 foizga ko‘pdir.
Samarqand xalqaro aeroportining zamonaviy terminalini boshqaruvchi Air Marakanda kompaniyasi 17 ta aviakompaniya bilan hamkorlik qiladi. Hozirgi kunda Samarqand aeroportidan 18 ta yo‘nalish bo‘yicha parvozlar amalga oshirilmoqda, ulardan 16 tasi xalqaro va 2 tasi ichki yo‘nalishlardir.