Samarqand viloyatida AYOQSHda yuz bergan portlash oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand viloyatidagi yoqilg‘i quyish shoxobchasida yuz bergan portlash oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi bo‘yicha qo‘mita rasmiy bayonotida maʼlum qilindi.
Mavjud maʼlumotlarga ko‘ra, hodisa 2025 yil 7 may kuni soat 15:06 da Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Kushtepa” mahallasida joylashgan “YIGITALI” MCHJga qarashli avtozapravka shoxobchasi hududida sodir bo‘lgan.
Hodisa vaqtida har biri 10 kub metr hajmdagi ikki yer osti rezervuariga dizel yoqilg‘isi quyilayotgan bo‘lgan. Shu paytda rezervuarlarga ZIL rusumli avtomashina ulangan bo‘lgan.
Yong‘in chiqishi natijasida, ikki kishi halok bo‘lgan, yana bir nafar fuqaro tan jarohati olib, shifoxonaga yetkazilgan.
Hodisa sabablari o‘rganilmoqda, tergov ishlari olib borilmoqda.