Samarqand viloyatida 18 kilogramm kumush sotishga uringan uch nafar gumonlanuvchi qo‘lga olindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Narpay tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Navoiy viloyatida yashovchi, 1980, 1983 va 1987 yillarda tug‘ilgan 3 nafar shaxs “shartli xaridor”ga 18 kg kumush qimmatbaho metall qotishmasini har bir gramini 11.700 so‘mdan hisoblab, jami 21 ming AQSH dollariga sotgan vaqtlarida jinoyat ustida ushlandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining tegishli xulosasiga ko‘ra, ashyoviy dalil sifatida olingan mazkur metallning sof og‘irligi 16 kg 744 gr bo‘lib, asillik darajasi “999”ni tashkil etadi.
Shuningdek, tegishli baholash xulosasiga ko‘ra, ushbu kumush metallning narxi 502 mln 344 ming so‘mni tashkil etadi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 177-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushbu qimmatbaho metallning kelib chiqish manbasini aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.