Samarqand va Malayziya tibbiy va eksport loyihalarini muhokama qilishdi
Samarqand va Malayziya tibbiy va eksport loyihalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Malayziyaga tashrifi doirasida “Orion Consortium” hamda “Al Hijrah Global” vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
“Orion Consortium” kompaniyasi vakillari Samarqand viloyatida zamonaviy dializ markazlarini tashkil etish bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surdi. Ushbu loyiha hududda tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, ayniqsa buyrak kasalliklaridan aziyat chekayotgan bemorlar uchun qulay sharoit yaratishga xizmat qilishi qayd etildi. Tomonlar mazkur tashabbusni amalga oshirishning tashkiliy va moliyaviy jihatlarini muhokama qildilar.
Shu bilan birga, “Al Hijrah Global” kompaniyasi vakillari bilan Samarqand viloyatida yetishtirilayotgan sarxil va quruq mevalarni Malayziya bozoriga eksport qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Suhbat davomida mahsulot sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish, logistika zanjirlarini yo‘lga qo‘yish va eksport hajmini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur muzokaralar Samarqand viloyatining investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish, shuningdek, tashqi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash imkoniyatini yanada oshiradi.