Samarqand va Malayziya musulmon turizmi sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqda
Samarqand va Malayziya musulmon turizmi sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev Malayziyadagi qator tashkilot va kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Jumladan, Malayziya Islom turizm markazi mutasaddilari bilan muloqot tashkil etilib, musulmon sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sohasida tajriba almashish va o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida musulmon sayyohlar ehtiyojlariga mos xizmatlar ko‘rsatish, ular uchun qulay va zarur shart-sharoitlarni yaratish, xususan, ovqatlanish tizimi, transport xizmatlari hamda ziyorat turizmini samarali tashkil etish kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Viloyat hokimi bu borada Samarqandning turizm salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan qator takliflarini bildirdi. Xususan, viloyatdagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishni tizimli yo‘lga qo‘yish, xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish borasidagi ishlar haqida to‘xtaldi.
Malayziya tomoni ham musulmon turizmini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni jadallashtirish zarurligini ta’kidlab, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar musulmon sayyohlarga xizmat ko‘rsatishni samarali tashkil etish yuzasidan o‘zaro kelishuvlarga erishdi. Mazkur hamkorlik kelgusida Samarqandning xalqaro ziyorat turizmi markazlaridan biriga aylanishida muhim o‘rin tutadi.