Samarqand va Malayziya Haj bo'yicha hamkorlikni rivojlantirmoqda
Samarqand va Malayziya Haj bo'yicha hamkorlikni rivojlantirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev Malayziyaga tashrifi doirasida "Tabung Haji" tashkiloti raisi Tan Sri Abdul Rashid Hussain bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tashkilotning Kuala-Lumpurdagi "Menara TH" binosida joylashgan bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuv davomida tomonlar Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etishda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Xususan, malayziyalik ziyoratchilar uchun muqaddas safarlarni amalga oshirishda "Umra+" dasturi doirasida Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasiga ziyoratlarni tashkil etish, bu yerda ular uchun zarur sharoitlarni yaratish masalasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, bunday hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasida diniy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish, madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida amaliy hamkorlikni kengaytirish, ziyorat turizmi yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldilar.