Samarqand va Fransiya o‘rtasida strategik sheriklikni rivojlantirish va tajriba almashish masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyevning Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Valid Fuk bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv o‘zaro hurmat va ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish, manfaatdorlik muhitida o‘tdi.
Tomonlar Fransiya Prezidentining O‘zbekistonga tashrifidan so‘ng mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning rivojlanib borayotganini alohida qayd etdilar. Erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish, strategik sheriklikni aniq mazmun bilan to‘ldirish muhimligi ta’kidlandi.
Muzokaralar chog‘ida qator muhim tarmoqlarda hamkorlikni kengaytirish istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi. Ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratilib, qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlari muhokama qilindi. Zamonaviy shaharsozlik infratuzilmasini, xususan, tramvay yo‘li tarmoqlarini rivojlantirishga oid masalalar ham muhokama qilindi.
Muloqotda qishloq xo‘jaligi sohasida istiqbolli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish xususida to‘xtalib o‘tildi. Viloyat qishloq xo‘jaligiga ilg‘or fransuz texnologiyalarini joriy etish, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yevropa bozoriga eksport qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv kun tartibida tarixiy-madaniy merosni tiklash sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida urg‘u berildi. Valid Fuk Fransiya tomoni mintaqada joylashgan noyob me’moriy yodgorliklarni asrab-avaylash va restavratsiya qilishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olishdi.