Samarqand delegatsiyasi Malayziyaning yirik “MATTA Fair” turizm ko‘rgazmasida ishtirok etdi
Samarqand delegatsiyasi Malayziyaning yirik “MATTA Fair” turizm ko‘rgazmasida ishtirok etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev boshchiligidagi Samarqand viloyati delegatsiyasi Malayziyada o‘tkazilayotgan nufuzli "MATTA Fair" xalqaro turizm ko‘rgazmasida ishtirok etdi. Mazkur nufuzli tadbir Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida o‘tkazilib, unda dunyoning turli davlatlaridan kelgan turizm sohasi vakillari jam bo‘ldi.
Samarqand viloyati delegatsiyasi "MATTA Fair" xalqaro turizm ko‘rgazmasi doirasida muhim uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur tadbir davomida viloyat hokimi Adiz Boboyev "Malaysia Airlines" rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi.
Uchrashuvning asosiy mavzusi Samarqand va Malayziya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi bo‘ldi. Tomonlar yangi reyslarning ochilishi ikki hudud o‘rtasida ziyorat turizmi rivojiga salmoqli hissa qo‘shishi shuningdek, savdo va madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
"Malaysia Airlines" vakillari ham Samarqandga avia qatnovning yo‘lga qo‘yilishi istiqbolli yo‘nalishlardan ekanini ta’kidlab, bu borada zarur amaliy choralar ko‘rishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildilar. Tomonlar yaqin kelajakda texnik va tashkiliy jihatlarni batafsil muhokama qilishga kelishib oldilar.
Mazkur uchrashuv Samarqand viloyatining xalqaro turizm bozoridagi o‘rnini mustahkamlash va yangi yo‘nalishlarni ochish borasidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholandi.
Ko‘rgazma doirasida Samarqand viloyatining boy tarixiy-madaniy merosi, ziyorat turizmi salohiyati, milliy an’analar va zamonaviy turizm infratuzilmasi keng targ‘ib qilindi.
Delegatsiya tomonidan taqdim etilgan targ‘ibot materiallari orqali tashrif buyuruvchilarga Samarqandning jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni, uning qadimiy obidalari hamda noyob madaniy merosi haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Tadbir davomida ko‘rgazma ishtirokchilari uchun milliy taomimiz – Samarqand oshi tayyorlanib tarqatildi.
Mazkur tashabbus ko‘rgazmaga tashrif buyurgan xorijiy mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ular nafaqat O‘zbekistonning boy madaniy merosi bilan tanishdilar, balki milliy taomlarining o‘ziga xos ta’mini ham his qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
Bunday taqdimotlar mamlakatning turizm salohiyatini yanada keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.