Sakkizta tibbiyot oliy o‘quv yurtining taʼlim yo‘nalishlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning o‘tgan davrida tibbiy taʼlim yo‘nalishida salmoqli yutuqlarga erishilib, qator yangiliklar kuzatildi.
Soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida uchta oliy o‘quv yurti negizida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etildi.
Urganch davlat tibbiyot instituti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti nufuzli xalqaro THE reytingiga kirgan O‘zbekistondagi ilk tibbiyot oliygohi sifatida eʼtirof etildi.
Sakkizta tibbiyot oliy o‘quv yurtining taʼlim yo‘nalishlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi.
Buxoro davlat tibbiyot instituti va Webster university bilan hamkorlikda 3+1 sharti asosida “Oliy hamshiralik ishi” bakalavriat taʼlim yo‘nalishi, Fag‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti va BAAning Gulf universiteti bilan hamkorlikda 3+3 sharti asosida “Associate degree in preclinical sciences” bakalavriat va “Doctor of medicine” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha qo‘shma taʼlim dasturlari joriy etildi.
AQSHning Franklin universiteti bilan oliy hamshiralik ishi mutaxassislarini tayyorlash yuzasidan hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Germaniya tajribasi asosida Nemis tibbiyot akademiyasining taʼlim dasturlariga asoslangan 50910203 – “Hamshiralik ishi” mutaxassisligi bo‘yicha xalqaro taʼlim dasturlari ishlab chiqildi.
Mazkur dasturlar Sog‘liqni saqlash vazirligi va Globogate Concept AG bilan kelishilgan holda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan.
Taʼlim dasturi doirasida Germaniya ish beruvchilarining talablaridan kelib chiqqan holda Nemis tibbiyot akademiyasining 5 ta moduli hamda V2 darajasiga mos nemis tili mashg‘ulotlarini o‘qitish nazarda tutilgan.
Kadrlar salohiyatini yuksaltirish maqsadida shu yil boshidan buyon 300 nafarga yaqin mutaxassislarimiz AQSH, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Fransiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Ozarbayjon, Belarus kabi dunyoning yetakchi mamlakatlarida o‘z bilim va malakasini oshirib qaytdi.