Saida Mirziyoyeva Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan O‘zbekiston va Rossiya hamkorligining asosiy yo‘nalishlarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 29 may kuni, Moskvaga ikki kunlik tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari — savdo, investitsiyalar, mehnat migratsiyasi va malakali kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmining ijobiy o‘sishi, shuningdek, sanoat va energetika sohalaridagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar migratsiya tartib-taomillarini soddalashtirish choralari, xususan patent rasmiylashtirishning ayrim bosqichlarini O‘zbekiston hududiga ko‘chirish imkonini ko‘rib chiqdilar.
Bundan tashqari, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish va taʼlim sohasida yangi tashabbuslarni amalga oshirish, jumladan, Rossiya oliy o‘quv yurtlari filiallarini ochish va MISiS qoshida muhandislik maktabini tashkil etish masalalari ham muhokama etildi.
Tashrif doirasida Saida Mirziyoyeva, shuningdek, Rossiya Prezidenti Maʼmuriyati rahbari Anton Vayno, uning birinchi o‘rinbosarlari Sergey Kiriyenko va Aleksey Gromov, Rossiya Prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy, hamda Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.