Saida Mirziyoyeva Buyuk Britaniya vakillari bilan investitsiyaviy hamda parlament tashabbuslarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Buyuk Britaniya hukumati va parlamenti vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Buyuk Britaniya Bosh vazirining investitsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Varun Chandra bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Janob Chandra O‘zbekistonda iqtisodiyotni rivojlantirish va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan islohotlarga katta qiziqish bildirdi.
Saida Mirziyoyeva taʼkidlashicha, erishilgan kelishuvlar ikki davlat o‘rtasida yangi amaliy tashabbuslar va uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam asos yaratadi.
Shuningdek, u Buyuk Britaniya parlamenti Quyi palatasi spikeri Lindsi Xoyl bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar Buyuk Britaniya va Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlari o‘rtasida faol muloqot maydonini yaratishga xizmat qiladigan “Markaziy Osiyo bo‘yicha Umumpartiyaviy guruh” tashkil etilishini muhim qadam sifatida qayd etdilar.
Uchrashuv yakunida guruh delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrif buyurishi haqida kelishuvga erishildi. Suhbat so‘ngida mehmonlar parlamentning tarixiy binosi bilan tanishdilar.