Saida Mirziyoyeva AQSH bilan savdo va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor va Davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau boshchiligidagi Amerika delegatsiyasi bilan konstruktiv uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar hamda jamoat xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Prezident Administratsiyasi rahbari taʼkidlaganidek, AQSH maʼmuriyatining yuqori darajadagi vakillari so‘nggi sakkiz yil davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ko‘lami va surʼatini yuqori baholagan.
Saida Mirziyoyeva shunday uchrashuvlar ikki tomon uchun mavjud salohiyatni chuqurroq anglash va rivojlantirish imkonini beradi, deb taʼkidladi. Olib borilayotgan ochiqlik siyosati tufayli mamlakatimiz taʼlim, madaniyat, iqtisodiyot va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun tobora jozibador maydonga aylanmoqda.