Rothschild & Co va O‘zbekiston xususiylashtirish va IPO bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 12‑iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov “Rothschild & Co” guruhi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur uchrashuvda “Rothschild & Co” Kuzatuv kengashi a’zosi Ariel Malard de Rotshild, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlaridagi rahbari Jovanni Salvetti, “UzAssets” boshqaruv raisi Bobur Abdinazarov hamda bir qator mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
“Rothschild & Co” — dunyoning eng nufuzli va tarixiy moliyaviy guruhlaridan biri bo‘lib, 200 yildan ortiq faoliyat tajribasiga ega. Kompaniya moliyaviy maslahatlar, aktivlar boshqaruvi, investitsiyalarni jalb qilish, xususiy kapital va bank xizmatlari sohalarida yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Bugungi kunda “Rothschild & Co” dunyoning 40 dan ortiq davlatida ofislarga ega bo‘lib, davlat va xususiy sektor mijozlariga xizmat ko‘rsatadi.
Muloqot davomida davlat aktivlarini xususiylashtirish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar tahlil qilinib, bugungi kungacha erishilgan natijalar ko‘rib chiqildi. Xususan, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan banklarni xususiylashtirish jarayonlari, jumladan, IPO (aksiyalarni ommaviy savdoga chiqarish) bosqichlariga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar kelgusida yirik strategik investorlarni jalb etish, xususiy sektor ulushini kengaytirish va O‘zbekiston moliya bozorini ochiq, raqobatbardosh tamoyillar asosida rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdi.
Uchrashuv yakunida xususiylashtirish va moliyalashtirish sohalarida innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish, bank sektorini xalqaro standartlarga moslashtirish va IPO orqali davlat aktivlarini ochiq va shaffof mexanizmlarda xususiylashtirish borasida keyingi hamkorlik chora-tadbirlari bo‘yicha kelishuvga erishildi.