Rossiyaning Samara viloyatida mushkul ahvolda qolgan ona va uning voyaga yetmagan farzandlari O'zbekistonga qaytarildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekistonning Qozondagi Bosh konsulxonasi sa'y-harakatlari bilan Rossiyaning Samara viloyatida mushkul ahvolda qolgan N.T. va uning voyaga yetmagan farzandlari O'zbekistonga olib keldi, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.
Bosh konsulxonadan olingan ma'lumotga ko'ra, Samara viloyati ichki ishlar xodimlari N.T. va uning bolalarini shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlari yo'qligini ro'kach qilib politsiya bo'limiga olib ketgan. Shundan so'ng, N.T. Samara viloyatidagi Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markaziga, bolalar esa Voyaga yetmagan huquqbuzarlarni vaqtincha saqlash markaziga va Samara shahri bo'yicha Vasiylik va homiylik organlar xodimlariga topshirilgan.
Bosh konsulxona xodimlari Samara viloyatining tegishli idoralari bilan olib borgan muzokaralari natijasida hamyurtlarimizni Vatanga qaytarish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Vatandoshlarimiz "Samara-Toshkent" yo'nalishi bo'yicha aviareysi orqali O'zbekistonga kuzatib qo'yildi.