Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
Iqtisod 15/05/2025 Rossiyaning Oltoy Respublikasi bilan chorvachilik sohasidagi hamkorlik kengaytiriladi

Rossiyaning Oltoy Respublikasi bilan chorvachilik sohasidagi hamkorlik kengaytiriladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov Rossiyaning Oltoy Respubliksi Qishloq xo'jaligi vazirligida bo'lib o'tgan yig'ilishda ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston hududlari va Oltoy Respublikasi o'rtasida chorvachilik sohasida hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollariga bag'ishlangan yig'ilishda  Oltoy Respublikasi qishloq xo'jaligi vaziri Andrey Sigulev, vazirlik mas'ul xodimlari, hududdagi yirik chorvachilik korxonalari va fermer xo'jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Oltoy Respublikasi qishloq xo'jaligi vaziri Andrey Sigulev O'zbekiston bilan o'zaro manfaatli hamkorlikni, ayniqsa, chorvachilik, jumladan, naslchilik sohasida rivojlantirish muhimligini ta'kidladi.

"Hozirgi kunda Oltoy tog'larida qoramol eksport qilish huquqiga ega bo'lgan 6 ta korxona mavjud. Shuningdek, respublikada 196 ming boshdan ortiq qoramol bor. O'zbekistonning go'sht mahsulotlariga bo'lgan ehtiyoji ortib borayotganini inobatga olib, biz mamlakatingizning yetkazib berish bo'yicha barcha so'rovlarini ko'rib chiqishga tayyormiz", dedi u.

 Qayd etilishicha, o'rnatilgan aloqalar tufayli 2024-yilda Rossiyaning ushbu hududidan qoramollarning, jumladan, O'zbekistonga eksporti qariyb 68 foizga oshgan.

Tadbirda so'zga chiqqan yirik chorvachilik xo'jaliklari rahbarlari O'zbekiston tomoni bilan hamkorlikdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuvda O'zbekiston va Oltoy hududi fermerlarining bevosita aloqalarini yo'lga qo'yish, pirovardida mamlakatimizga yetkazib berilayotgan qoramol va mayda shoxli mollar tannarxiga ta'sir ko'rsatuvchi vositachilar zanjiriga barham berish zarurligiga alohida e'tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida O'zbekiston tomonining taklifiga binoan Oltoy Respublikasi Qishloq xo'jaligi vaziri va mamlakatimiz Bosh konsulxonasi vakillaridan iborat tezkor ishchi guruhi tuzildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling