Rossiyaning mashhur “G‘ildirakdagi oshpazlar” dasturi ijodiy guruhi O‘zbekistonda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turizm qo‘mitasi O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda 12-18-sentyabr kunlari Rossiyaning “Birinchi kanal” telekanalidagi mashhur “G‘ildirakdagi oshpazlar” ko‘rsatuvi ijodiy jamoasining O‘zbekistonga tashrifini uyushtirdi.
Dastur ijodiy jamoasi O‘zbekistonning gastronomik va sayyohlik salohiyatini Rossiyada keng targ‘ib qilish hamda bu mamlakatdan keluvchi sayyohlar sonini yanada ko‘paytirish maqsadida Samarqand va Toshkentning diqqatga sazovor joylari, sayyohlik maskanlari va tarixiy manzillariga tashrif buyurib, suratga olish ishlarini olib bormoqda.
Tashrif yo‘nalishidagi har bir shaharda oshpazlar mahalliy oshxona va an’anaviy taomlar bilan tanishib, mahalliy bozorlar va do‘konlardagi mahsulotlar xilma-xilligini o‘rganmoqdalar. Mahalliy oshpazlik madaniyatidan ilhom olgan rossiyalik oshpazlar o‘zlarining pazandachilik durdonalarini tayyorlashmoqda.
Safar doirasida ijodiy guruh Toshkent viloyatining Parkent tumaniga ham tashrif buyurib, u yerda havo sharida parvozni amalga oshirdi. Qushlar parvozi balandligidan loyiha ishtirokchilari go‘zal manzaralar, betakror tabiat va tog‘ tizmalarining hashamatli ko‘rinishlaridan zavq olishdi, O‘zbekiston landshaftlarining go‘zalligi va xilma-xilligiga yana bir bor amin bo‘lishdi.
Har bir dastur yakunida rossiyalik mashhur oshpazlar haqiqiy oshpazlik bellashuvini uyushtirishadi. Samarqand va Toshkent shaharlarining markaziy diqqatga sazovor joylarida o‘z fudtraklarini to‘xtatib, mahalliy taomlarning o‘ziga xos variantlarini tayyorlashadi, mahalliy aholi esa ularni tatib ko‘rib, ovoz beradi va g‘olibni tanlaydi.
Ta’kidlash joizki, "G‘ildirakdagi oshpazlar" kulinariya shousi rossiyalik tomoshabinlar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Federal va mintaqaviy ommaviy axborot vositalarida ushbu dasturni tomosha qiluvchilarning umumiy soni 18 milliondan ortiq kishini tashkil etadi.