Rossiyalik “Antarus” kompaniyasi Farg‘ona viloyatida ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Rossiya Federatsiyasining “Antarus” kompaniyasi rahbari Sergey Yazyukovni qabul qildi.
Rossiyada zamonaviy ishlab chiqarishlarga ega bo‘lgan ushbu kompaniya suv taʼminoti, isitish va yong‘in o‘chirish tizimlari uchun nasos hamda muhandislik uskunalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, uchrashuvda loyihalashtirish, nasos stansiyalarini yig‘ish, avtomatlashtirish va butun mamlakat bo‘ylab xizmat ko‘rsatish jarayonlari haqida maʼlumot berildi.
Kompaniya rahbari O‘zbekistonda, xususan, Farg‘ona viloyatida investorlar uchun qulay shart - sharoitlar yaratilgani va ishchi kuchining yetarli ekanligini eʼtirof etib, ushbu hududda ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishga katta qiziqish bildirdi.
Muloqotda qurilishda qo‘llaniladigan plastmassa mahsulotlari, nasos uskunalari, gidromodullar va bosimni oshirish stansiyalarini ishlab chiqarish hamda muhandislik tizimlarini tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bunday mahsulotlarga nafaqat mamlakatimizda, balki xorij bozorlarida, qo‘shni davlatlarda ham katta talab mavjudligini, sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarib, uni eksportga yo‘naltirish muhimligini qayd etdi. Bu kabi istiqbolli loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini maʼlum qildi va hamkorlik chora-tadbirlari kelishib olindi.
Maʼlumot o‘rnida, bugungi kunda viloyatimizda 163 ta Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar faoliyat olib bormoqda.