Rossiyadan ota-ona qaramog‘isiz qolgan voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 5-iyun kuni Rossiya Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamrohligida, ota-ona qaramog‘isiz qolgan, voyaga yetmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi olib kelindi.
Uning otasi mehnat migratsiyasida bo‘lib, hujjatlar noto‘g‘ri rasmiylashtirilgani bois, o‘g‘lini vaqtinchalik saqlov markazidan olib keta olmagan.
Voyaga yetmagan fuqaro Toshkentga yetib kelganidan so‘ng, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan onasiga topshirildi. Endilikda voyaga yetmagan fuqaro uchun ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlari uning doimiy yashash joyida davom ettiriladi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligining samarali hamkorligi natijasida 2025-yil 5-iyun holatiga qadar jami 56 nafar voyaga yetmagan fuqaro vatanga qaytarildi.