Valyuta kurslari 05/09/2025
$1 – 12437.15
UZS – 0,51%
€1 – 14480.57
UZS – 0,39%
₽1 – 153.34
UZS – 0,14%
Qidirish
Rossiya va O‘zbekiston muftilari Rio-de-Janeyroda hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi

Rossiya va O‘zbekiston muftilari Rio-de-Janeyroda hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi

Rossiya va O‘zbekiston muftilari Rio-de-Janeyroda hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Rio-de-Janeyroda o‘tgan «Maʼnaviy Ipak yo‘li: xalqlar va qitʼalar yaqinlashuvida maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarning roli» VI Xalqaro konferensiyasi doirasida Rossiya Federatsiyasi Musulmonlari diniy idorasi raisi, Bosh muftiy Shayx Ravil Gaynutdin va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Rossiya Musulmonlari diniy idorasi raisining o‘rinbosarlari — muftiylar Rushan Abbyasov, Ildar Galeyev va Dinar Gaynetdinov ham ishtirok etdi.

Shayx Ravil Gaynutdin o‘zbek delegatsiyasiga forumda ishtirok etgani uchun samimiy minnatdorlik izhor qilib, Rossiya va O‘zbekiston musulmonlarini chuqur tarixiy va maʼnaviy anʼanalar bog‘lab turajagini taʼkidladi. U ayniqsa, sovet davrida diniy arboblar tayyorlashda beqiyos o‘rin tutgan va jahonga mashhur «Mir-i Arab» madrasasining ahamiyatini alohida qayd etdi va o‘zi ham o‘qishga muyassar bo‘lgan shu dargoh haqida minnatdorlik bilan yodga oldi. Rossiya musulmonlari rahbari Muftiy Xoliqnazarni Moskva Sobor masjidini ziyorat qilishga va juma namozini boshlab berishga taklif etdi.

Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar esa taklif uchun minnatdorlik bildirib, navbatdagi «Maʼnaviy Ipak yo‘li» konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Unda diniy, taʼlimiy, ilmiy va maʼrifiy sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlar mustahkamlandi. Xususan, ilohiyot tadqiqotlari bo‘yicha qo‘shma loyihalar, diniy taʼlim sohasida tajriba almashish, yoshlar va migrantlar bilan ishlash, ekstremizmning oldini olish, shuningdek, qo‘shma konferensiyalar, seminar va ilmiy tadbirlarni o‘tkazishga alohida eʼtibor qaratildi.

Hujjatning imzolanishi Rossiya va O‘zbekiston musulmonlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, hurmat va maʼnaviy birlikka asoslangan aka-ukacha aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling