Rossiya va O‘zbekiston energetika, moliya va yuqori texnologiyali loyihalar sohalarida hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiya Federatsiyasi Hukumatining Rais o‘rinbosari Aleksandr Novak rasmiy ish safari bilan O‘zbekiston Respublikasida bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazilgan uchrashuv chog‘ida tomonlar neft-gaz, ko‘mir, energetika, atom energetikasi, moliya-bank sohalari, shuningdek, yuqori texnologiyali loyihalar va sanoatda hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Aleksandr Novak quyidagilarni taʼkidladi:
«Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar teng huquqlilik, o‘zaro hurmat va manfaatlarni inobatga olish prinsiplariga asoslangan bo‘lib, har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilikni anglatadi. Rossiya O‘zbekistondagi keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, jadal iqtisodiy o‘sish va mamlakatning mintaqaviy hamda xalqaro miqyosdagi nufuzining mustahkamlanishini faxr bilan kuzatmoqda.»
IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida vitse-premyer Novak so‘nggi uch yilda Rossiya kompaniyalari 5 milliard dollardan ziyod investitsiyaviy shartnomalar imzolaganini maʼlum qildi. Shuningdek, u shunday dedi:
«Osiyo mamlakatlari Rossiyaning asosiy savdo hamkorlari hisoblanadi. O‘zbekiston bilan savdo aloqalari jadal rivojlanmoqda: so‘nggi to‘rt yil ichida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga oshib, 10 milliard dollardan oshdi. Rossiya va O‘zbekiston prezidentlari bu ko‘rsatkichni yaqin yillarda 30 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘yganlar.»
Aleksandr Novakning so‘zlariga ko‘ra, VEB.RF rivojlanish korporatsiyasi 13,1 milliard dollar, Rossiya eksport markazi esa 3,8 milliard dollar sarmoya kiritgan.
«Ishonchim komilki, joriy yilda ham taassurotli natijalarga erishiladi», — deya qayd etdi vitse-premyer Toshkentdagi investitsiya forumining plenar sessiyasida.