Rossiya va O‘zbekiston biologik xavfsizlik masalalari bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2 aprel kuni Moskvada biologik xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan Rossiya-O‘zbekiston hukumatlararo maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Tomonlar Markaziy Osiyo va jahondagi dolzarb biologik tahdidlarni tahlil qilib, biologik xavfsizlik sohasida ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollarini muhokama qildi, shuningdek, Biologik va toksin qurollarini taqiqlash konvensiyasi (BTQTK) rejimi mustahkamlanishi bo‘yicha choralarni ko‘rib chiqdi.
Uchrashuv davomida Rossiya va O‘zbekistonning biologik xavfsizlik bo‘yicha pozitsiyalari o‘xshash ekanligi tasdiqlandi. Biologik xavfsizlik masalalarida ikki tomonlama hamda xalqaro tuzilmalar, jumladan, BTQTK va BMT doirasida hamkorlik va konstruktiv hamjihatlikni yana-da kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.