Rossiya Oʻzbekistondan elektr uskunalari uchun asosiy bozor boʻlib qolmoqda
Rossiya Oʻzbekistondan elektr uskunalari uchun asosiy bozor boʻlib qolmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Oʻzeltexsanoat” assotsiatsiyasi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston elektr uskunalari kompaniyalari asosiy eksport yoʻnalishi boʻlib qolayotgan Rossiya bozoriga eksportni faol ravishda kengaytirishda davom etmoqda.
2026-yilning yanvar–fevral oylarida O‘zbekiston elektrotexnika sanoati korxonalari tomonidan Rossiya Federatsiyasiga 42,3 mln AQSH dollarlik mahsulot eksport qilindi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan qariyb 0,43 mln dollarga o‘sishni anglatadi.
Eksport tarkibida kabel-sim mahsulotlari - 24,01 mln dollar, maishiy texnika mahsulotlari - 12,19 mln dollar, kuchlanish qurilmalari va boshqa turdagi elektrotexnika mahsulotlari - 6,01 mln dollarni tashkil etdi.
Mahsulot eksporti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sgan korxonalar qatoriga “Metal Processing Technology”, “Profit System Plastic”, “Toshkent Kabel Zavodi”, “Techno Commerce”, "Vista Electronics Group" kabi korxonalar kirib, umumiy eksport hajmiga sezilarli hissa qo‘shdi.
Alohida ta’kidlash joizki, “Alp Texno Servis” korxonasi eksport hajmini keskin oshirib, yuqori o‘sish sur’atlarini namoyon etdi. Xususan, 2025-yilning shu davrida korxona tomonidan atigi 400 ming dollar miqdorida mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, 2026-yilning yanvar–fevral oylarida bu ko‘rsatkich 7,4 mln dollarga yetdi.
Rossiya bozori keng iste’mol hajmi, rivojlangan sanoat infratuzilmasi va shakllangan logistika yo‘nalishlari bilan O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlari uchun muhim eksport yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.