Rossiya elchixonasi delegatsiyasi Chirchiq texnoparkining investitsiya salohiyati bilan tanishdi
Rossiya elchixonasi delegatsiyasi Chirchiq texnoparkining investitsiya salohiyati bilan tanishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — "Chirchiq" texnoparkiga Rossiya Federatsiyasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Yerxov Aleksey Vladimirovich va Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Savdo vakolatxonasi vakili Zligostev Konstantin Nikolayevich boshchiligidagi Rossiya Federatsiyasi O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Bugungi kunda "O‘zkimyosanoat" AJ va "Ximgrad" texnopolisi (Tatariston Respublikasi) hamkorligi doirasida tashkil etilgan "Chirchiq" va "Jizzax" texnoparklari O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning yorqin namunasi hamda Rossiya Federatsiyasi investorlarining loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan maydon hisoblanadi.
"Chirchiq" texnoparkiga tashrif davomida Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi - Yerxov Aleksey Vladimirovich va Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Savdo vakolatxonasi vakili Zligostev Konstantin Nikolayevich, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi elchixonasi xodimlariga texnoparklarning investitsiyaviy imkoniyatlari, qo‘llanilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari, sanoat infratuzilmasi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Mehmonlar Rossiya Federatsiyasi va boshqa mamlakatlar investitsiyalari ishtirokidagi "Chirchiq" texnoparkining rezident korxonalarining ishlab chiqarish maydonlarida bo‘lib, texnologik jihozlanish darajasi va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘lamini shaxsan baholashga muvaffaq bo‘ldilar.
Ushbu tashrif Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shadi, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi istiqbolli yo’nalishlarni kashf etadi.