Rossiya 2025 yil 30 iyundan vizasiz kiruvchi xorijliklar uchun raqamli ro‘yxatdan o‘tishni joriy qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 30 iyundan boshlab Rossiya hududiga vizasiz rejimda kiruvchi xorijiy fuqarolar uchun majburiy raqamli oldingi ro‘yxatdan o‘tish tizimi joriy etiladi. Bu talab O‘zbekiston fuqarolariga ham taalluqli bo‘ladi.
Yangi tartibga ko‘ra, xorijliklar Rossiyaga kirishdan kamidan 72 soat oldin maxsus mobil ilova — «Gosuslugi RuID» orqali ariza to‘ldirishi va QR-kod olishi kerak. Bu QR-kod chegaradan o‘tish paytida taqdim etiladi.
Ro‘yxatdan o‘tish uchun fuqarolar quyidagilarni bajarishi talab etiladi:
shaxsiy kabinet ochish,
fotosurat yuklash,
pasport va shaxsiy maʼlumotlarni kiritish,
Rossiyada bo‘lish muddatini ko‘rsatish.
Favqulodda holatlar (masalan, qarindoshning vafoti yoki kasallik) uchun istisno beriladi — bu holatlarda arizani kelishdan 4 soat oldingacha yuborish mumkin.
Quyidagilar raqamli ro‘yxatdan o‘tishdan ozod etiladi:
Belarus fuqarolari,
6 yoshgacha bo‘lgan bolalar,
viza, yashash guvohnomasi yoki vaqtincha yashash ruxsatnomasi asosida Rossiyaga kiruvchilar.
6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun arizani ota-onalari yoki qonuniy vakillari topshiradi, lekin ularning o‘zida allaqachon amaldagi ruxsat bo‘lishi shart.
Mazkur QR-kod Rossiya chegara nazoratini raqamlashtirish va xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, kirayotgan shaxslarni avtomatlashtirilgan tizimda oldindan hisobga olish imkonini beradi.