Rosatom xalqaro Global Atomic Quiz'ga mezbonlik qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — "Rosatom" davlat korporatsiyasi 10-noyabrda Butunjahon fan kuniga bag‘ishlangan Global Atomic Quiz xalqaro viktorinasini o‘tkazadi.
Bu yilgi viktorina dunyo bo‘ylab ishtirokchilar uchun yanada qulayroq bo‘ladi: u 16 tilda onlayn tarzda hamda Vetnamdan Braziliyagacha bo‘lgan mamlakatlarda yuzma-yuz o‘tkaziladi. Asosiy yuzma-yuz tadbir 10-noyabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tadi. Unda turli oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘z bilimlarini sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Ishtirokchilar tinch atom haqida ko‘proq ma’lumot olish va noyob sovg‘alarni qo‘lga kiritishdan tashqari, atom kashfiyotlarining turli davrlarini o‘zlari uchun ochishlari mumkin. Turli qiyinlik darajasidagi va mavzulardagi 18 ta savolga javob berish uchun 24 soat vaqt ajratiladi. Viktorina savollari uchta asosiy yo‘nalishga bo‘linadi: "Tarix", "Bugungi kun texnologiyalari" va "Kelajak".
Viktorinada qatnashish uchun 10-noyabr kuni loyiha veb-saytida ro‘yxatdan o‘tishingiz zarur. Sayt tashrif buyuruvchilariga turli murakkablik darajasidagi mashq testlari ham taqdim etiladi.
G‘oliblar ro‘yxati 22-noyabrgacha loyiha veb-saytida e’lon qilinadi. 100 nafar g‘olib maxsus sovg‘alar bilan taqdirlanadilar. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan uch nafar ishtirokchi esa alohida sovrin - Rossiyaga sayohat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, barcha ishtirokchilarga elektron sertifikat topshiriladi.
Ma’lumot uchun:
Global Atomic Quiz - yadro fizikasi asoslarini tushuntiruvchi, atom texnologiyalarining inson kundalik hayotidagi ahamiyatini va sayyoramizni asrashda atom energiyasining rolini ta’kidlovchi "Rosatom"ning global ma’rifiy loyihasidir.
Loyiha 2020-yildan beri 16 tilda: rus, ingliz, o‘zbek, arab, venger, turk, portugal, ispan, xitoy, myanma, indonez, bengal, qozoq, qirg‘iz, mo‘g‘ul va vetnam tillarida o‘tkazib kelinmoqda. Besh yil davomida viktorinada 100 dan ortiq mamlakatdan 65 mingdan ziyod maktab o‘quvchilari va talabalar ishtirok etishdi. 2023-yilda loyiha "Fanga sadoqat uchun" IX Butunrossiya mukofotining "Fan dunyoga" nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
"Rosatom"ning ma’rifiy faoliyati eng keng qamrovli auditoriyaga yo‘naltirilgan. Ilmiy-ma’rifiy loyihalarning maqsadlari atom texnologiyalarini ommalashtirishdan tashqari, umuman fan va texnologiyalar haqidagi bilimlarning qulayligini oshirish, ilmiy-texnik ta’lim va muhandislik mutaxassisliklarining jozibadorligini kuchaytirish hisoblanadi.
"Rosatom" tomonidan tashkil etilgan ma’rifiy infratuzilma tarmog‘iga Rossiya va xorijda joylashgan atom energiyasi bo‘yicha 25 ta axborot markazi kiradi. 2023-yilda ushbu markazlarga 280 mingdan ziyod kishi tashrif buyurgan.
Tinchlik va taraqqiyot uchun Xalqaro fan kuni 2001-yilda YUNESKO tomonidan ta’sis etilgan. Uning maqsadi olimlarning insoniyat rivojlanishiga qo‘shgan hissasini e’tirof etishdir.
Rossiya Federatsiyasi hukumati va yirik Rossiya kompaniyalari hamkor mamlakatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu faoliyat ta’lim va madaniy dasturlarni, iqtisodiy va ilmiy hamkorlikni o‘z ichiga oladi. "Rosatom" davlat korporatsiyasi korxonalari ushbu ishda faol ishtirok etmoqda.