Rivojlanayotgan mamlakatlar muloqoti konferensiyasi doirasida XVJ bosh direktori bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov joriy yilning 16–17-fevral kunlari Saudiya Arabistonining Al-Ula shahrida oʻtkazilayotgan Rivojlanayotgan mamlakatlar muloqoti konferensiyasida ishtirok etmoqda. Ushbu nufuzli tadbir doirasida Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) bosh direktori Kristalina Georgiyeva bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Oʻzbekiston va XVJ oʻrtasidagi faol hamkorlikning bugungi holati hamda kelgusidagi rejalar muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, 2017–2024-yillar davomida XVJ bilan hamkorlikda Oʻzbekistondagi iqtisodiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 90 dan ortiq texnik koʻmak loyihalari, maslahat va moliyaviy yordam dasturlari amalga oshirdi.
Uchrashuvda 2024-yil noyabr oyida Oʻzbekistonda ishga tushirilgan Moliyaviy sektorni baholash dasturi (FSAP) muhokama qilindi. XVJ va Jahon banki hamkorligida amalga oshirilayotgan ushbu dastur mamlakat moliya tizimining barqarorligi va rivojlanish ehtiyojlarini chuqur tahlil qilishga qaratilgan. FSAP natijalari asosida moliya tizimini yanada mustahkamlash boʻyicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqilishi va ularni amalga oshirishda XVJning koʻmagi davom etishi ta’kidlandi.
Muzokaralar davomida davlat moliyasini boshqarish tizimidagi shaffoflik va hisobdorlik masalalari ham muhokama qilindi. Oʻzbekiston soʻnggi yillarda 2020–2024-yillarga moʻljallangan Davlat moliyasini boshqarish strategiyasi doirasida keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirdi. Shu munosabat bilan, 2019-yilda oʻtkazilgan Fiskal shaffoflikni baholash (FTE) natijalarini yangilash va so‘nggi islohotlarning samaradorligini baholash maqsadga muvofiq ekani aytib o‘tildi.
Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va XVJ oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari doirasida 2025-yilda Samarqand shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan GCC+CA (Fors ko‘rfazi hamda Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari) Moliya vazirlari va Markaziy bank rahbarlari konferensiyasi yuzasidan fikr almashildi.
Bosh vazir oʻrinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Kristalina Georgiyevani ushbu nufuzli tadbirga tashrif buyurishga taklif etdi va XVJ rahbariyati bilan yaqin hamkorlikda ishlashda davom etishga tayyorligini bildirdi.