FAOdagi xalqaro uchrashuvda O‘zbekiston tajribasi taqdim etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Rim shahrida, FAO shtab-kvartirasida “SSTC as a catalyst for Agrifood System Transformation: commitments, approaches and experiences from the countries” (“Agroozik-ovqat tizimlarini transformatsiya qilishda Janub–Janub va uch tomonlama hamkorlikning roli: mamlakatlarning majburiyatlari, yondashuvlari va tajribalari”) mavzusida vazirlar darajasidagi anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda FAO Bosh direktori Tsüy Dun‘yuy, Xitoy va Iordaniya qishloq xo‘jaligi vazirlari, shuningdek, bir qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov o‘z ma’ruzasida Janub–Janub va uch tomonlama hamkorlikni innovatsiya, bilim va inson kapitaliga asoslangan hamkorlik ekotizimi sifatida rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, vazir qishloq xo‘jaligida “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etish, karbon bozori (carbon market)ni shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekistonning tashabbuslarini taqdim etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yo‘nalish fermerlar uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratadi hamda iqlim o‘zgarishiga moslashish jarayonlarini tezlashtiradi.
Uchrashuv O‘zbekistonning FAO bilan strategik sherikligini mustahkamlash, shuningdek, Janub–Janub va uch tomonlama hamkorlikdagi faol ishtirokini kuchaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.