Reformatiks 2040 yilgacha bo‘lgan soha rivojlantirish strategiyasi doirasida Farg‘onaning turizm salohiyatini o‘rganmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov Gruziyaning “Reformatiks” kompaniyasi vakili Otar Berdzenishvilini qabul qildi.
Uchrashuvda bugungi kunda O‘zbekistonda turizmini 2040-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish ustida ish olib borilayotgani, mazkur kompaniya vakillari O‘zbekistonning bir qator hududlarida bo‘lib, bu jarayonlarda faol ishtirok etayotgani maʼlum qilindi.
Farg‘onaga tashrif ham ana shu jarayonning bir qismi bo‘lib, o‘rganishlar natijasida Farg‘ona — O‘zbekiston turizmining harakatlantiruvchi lokomotiviga aylanish salohiyatiga ega ekanligi taʼkidlandi.
2017 yildan buyon O‘zbekistonda iqtisodiyotni rivojlantiruvchi tarmoqlarda o‘rganishlar olib borayotgan ushbu kompaniya bugungi kunga qadar ikki marotaba oraliq hisobot taqdim etgan. Ularda turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xususiy sektor va investorlar ishtirokini kengaytirish, mehmonxonalar, tarixiy obidalar va ziyorat maskanlariga xizmat sifatini oshirish, hududni xalqaro turizm xaritasida yana-da faol targ‘ib etish masalalariga asosiy eʼtibor qaratilgan.
Xurshidjon Ahmedov muloqotda viloyat turizm salohiyati, uning uzoq o‘tmishdan so‘zlaydigan tarixiy obidalari, arxeologik yodgorliklari, eko, gastronomik va boshqa turistik obyektlari, sayyohlarni jalb etish imkoniyatlari haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, tibbiyot turizmini, agroturizmni jadal rivojlanib borayotgani taʼkidlandi. Ayniqsa, turli xalqaro forumlar va festivallarni o‘tkazish o‘ziga xos anʼanaga aylangani, bu ham soha rivojiga xissa qo‘shayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda xorijiy kompaniya bilan turistlar uchun qulayliklar yaratish, servis sifatini oshirish hamda yangi turizm marshrutlarini joriy etish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollari kelishib olindi.