Ravshan Irmatov: Fabio Kannavaro O'zbekiston terma jamoasini jahon chempionatiga tayyorlash vazifasini qo'ygan
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro oldiga aniq vazifa qo‘yildi: terma jamoani jahon chempionatida munosib ishtirok etishga tayyorlash. Bu haqda O‘zbekiston futbol assosiasiyasi (O‘FA) birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov ma’lum qildi.
O‘FA rahbariyati ushbu muhim jarayonda mutaxassisga to‘liq ishonch bildirishini ta’kidladi. Jamoa ishida davomiylik va barqarorlikni ta'minlash maqsadida Timur Kapadze murabbiy yordamchisi sifatida faoliyatni davom ettiradi.
U O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatiga chiqishdagi tarixiy muvaffaqiyatiga hissa qo‘shgan barcha mutaxassislarga, xususan, Srečko Katanc va Timur Kapadzega chuqur minnatdorlik bildirdi.
"Jahon chempionati bu katta musobaqa uni butun dunyo tomosha qiladi va futbol ommasining nigohi O‘zbekistonga qaratiladi. Shu sababli turnirda munosib ishtirok etish va mundial havosini olib kirish uchun aynan futbolchi sifatida ishtirok etgan mutaxassisni jalb qilish ko‘zda tutilgan edi.", - dedi Irmatov.
Unga ko‘ra, futbol assosiasiyasi rahbariyati va Murabbiylar kengashi bir ovozdan italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro terma jamoani jahon chempionatiga tayyorlash uchun maqbul tanlov bo‘ladi, degan xulosaga kelgan.
"Kannavaro futbol tarixidagi eng yaxshi himoyachisi edi, istaymizmi yo'qmi Jahon chempionatida natija qayd etish uchun himoyani mustahkam saqlash talab etiladi: U Jahon chempioni, “Oltin to‘p” sohibi va o‘z vaqtida himoyada ishonch, intizom hamda yetakchilik timsoli bo‘lgan. Himoyaviy o'yin uslubi natija berishini ko'rdik, Biz ishonamizki, u o‘zining xalqaro tajribasi, professional madaniyati va taktikasidagi qat’iylik orqali milliy jamoamizga yangi ruh va yangi tizim olib kiradi.", - dedi AFU birinchi vitse-prezidenti.
Irmatov yangi bosh murabbiy bilan “2+3” kelishuvi imzolanganini takidladi. “Biz bu hamkorlikni uzoq muddatli deb bilamiz va Kannavaro boshchiligida O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham Osiyo chempionatida, ham jahon chempionatida yaxshi o‘yin ko‘rsatishiga ishonamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.