Valyuta kurslari 27/06/2025
$1 – 12586.41
UZS – 0,44%
€1 – 14758.82
UZS – 1,52%
₽1 – 160.42
UZS – 0,38%
Qidirish
Iqtisod 29/06/2025 Ravalpindi va Islomobod shaharlarida O‘zbekiston-Pokiston biznes-forumlari bo‘lib o‘tdi

Ravalpindi va Islomobod shaharlarida O‘zbekiston-Pokiston biznes-forumlari bo‘lib o‘tdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi rahbariyati va yurtimiz tadbirkorlaridan iborat delegatsiyaning Pokistonga amaliy safari davomida bir qator iqtisodiy tadbirlar o‘tkazildi.

Jumladan, mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan Ravalpindi va Islomobod savdo-sanoat palatalari vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Pokiston biznes forumlari o‘tkazildi. Mazkur forumlar ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yana-da chuqurlashtirish va yangi qo‘shma loyihalarga zamin yaratdi.

Ravalpindi Savdo-sanoat palatasida o‘tkazilgan biznes-forumda qishloq xo‘jaligi, terini qayta ishlash, farmatsevtika, turizm, qurilish, logistika va savdo sohalarida faoliyat yurituvchi pokistonlik tadbirkor ishtirok etdi.

Palata raisi Shavkat Usman o‘z so‘zida O‘zbekiston-Pokiston savdo munosabatlarining holati va Savdo-sanoat palatalarining bu jarayondagi o‘rni haqida to‘xtaldi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Akobir To‘xtayev o‘z taqdimotida mamlakatimizdagi investitsion muhit, xorijiy investorlarga yaratilgan sharoit haqida so‘zlab berdi.

Muzokaralar davomida qo‘shma O‘zbekiston-Pokiston Savdo-sanoat palatasini tuzish va yil oxirigacha sohaviy delegatsiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.

Islomobod Savdo-sanoat palatasida bo‘lib o‘tgan biznes-forumda so‘zga chiqqan palata raisi Nasir Kureyshi ikki davlat ishbilarmonlari o‘rtasida doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, import o‘rnini bosuvchi hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish zarurligini qayd etdi.

O‘zbekiston tadbirkorlari tomonidan mamlakatdagi sharoitlar, qo‘shma loyihalar uchun imkoniyatlar va raqamli savdo sohasidagi istiqbollar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.

Forumlar doirasida o‘tkazilgan V2V uchrashuvlarda to‘qimachilik, farmatsevtika, teri va junni qayta ishlash sohalarida qo‘shma loyihalar bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, Islomobod Savdo-sanoat palatasi aʼzolaridan iborat delegatsiyaning joriy yil Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo, Sirdaryo va Buxoro viloyatlariga biznes-missiyalarini uyushtirish to‘g‘risida ham ahdlashib olindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling